Get Mystery Box with random crypto!

Vashington kundaligi

Telegram kanalining logotibi bmamadiev — Vashington kundaligi V
Telegram kanalining logotibi bmamadiev — Vashington kundaligi
Kanal manzili: @bmamadiev
Toifalar: Bloglar , Siyosat , Yangiliklar
Til: Oʻzbek tili
Mamlakat: Oʻzbekiston
Obunachilar: 4.43K
Kanalning ta’rifi

AQSh va dunyoda bo'layotgan eng muhim voqealarga Vashingtondan nazar.

Ratings & Reviews

4.00

2 reviews

Reviews can be left only by registered users. All reviews are moderated by admins.

5 stars

1

4 stars

0

3 stars

1

2 stars

0

1 stars

0


Oxirgi xabar 6

2021-02-02 21:54:59 Obamani "kashf qilgan" nutq yoxud Barak Obama siyosatga omad va tasodif bilan kirib qolganmi?

AQSh sobiq prezidenti Barak Obamaning turmush o'rtog'i, sobiq birinchi xonim Mishel Obama yozgan "Becoming" (Shakllanish) kitobini o'qiyapman.

Kitob Mishel xonimning o'z hayoti va Barak Obama bilan birga kechirgan damlari haqida. Unda Barak Obamaning siyosatga qanday kirib kelgani ham batafsil tasvirlangan.

Darhaqiqat, Barak Obama yulduzdek chaqnab, siyosatga juda tez va shiddat bilan kirib keldi. Uni Amerika 2004-yilgi prezidentlik saylovi arafasida Demokratik partiya qurultoyida o'qigan nutqidan tanidi. Shu nutq uni kashf qildi.

Bu payt u bo'lajak saylovda AQSh Senati uchun nomzod bo'lgan. Bungacha Kongress Vakillar palatasiga saylanish uchun bir marta urinib ko'rgan, ammo hatto partiya nomzodligini ham qo'lga kirita olmagan edi.

Mishel Obamaning yozishicha, Barak Obamaning siyosatga qo'shilishi oila uchun og'ir kechgan; chunki u oilasi bilan birga bo'lishga deyarli vaqti qolmagan. Shunda Obama bu oxirgisi ekanini, agar Senat uchun saylovda yutqazsa, siyosatdan ketishga va boshqa ish topib, oilasi bilan birga bo'lishga so'z beradi.

Oldinda ularni nafaqat Senat, balki Oq uy kutayotganini hali bilishmas edi...

Aynan Senat uchun kechgan saylov kampaniyasi paytida Obama Demokratik partiya yetakchilari nazariga tushdi. Uni prezidentlik saylovi arafasida o'tkazilgan partiya qurultoyida nutq qilish uchun taklif qilishdi. Obamani Amerikaga tanitgan mashhur nutq aynan shu yerda o'qilgan edi.

Jonli efirga uzatilgan murojaatida u Amerika xalqini birdamlikka, siyosiy qutblarga bo'linmasdan, umid bilan Amerika uchun birgalikda ishlashga chaqirdi. Bu nutq jamoatchilik orasida katta shov-shuvlarga sabab bo'ldi. Ommaviy axborot vositalari uni allaqachon bo'lajak prezident sifatida tasavvur qila boshladi. Vaholanki, bu payt u hali Senatga ham saylanmagan edi.

Shu bilan Obamaning siyosatdagi yulduzi yanada porlay boshladi. Senatdagi birinchi muddatini tugatib ulgurmasdan prezidentlik uchun nomzodini e'lon qildi va 2008-yil 47 yoshida prezident etib saylandi.

Qiyoslash uchun aytish mumkinki, Jo Bayden prezidentlikka saylanguncha 37 yil senatorlik qildi, sakkiz yil Obama ma'muriyatida vitse-prezident bo'ldi. Bundan avval 1988 va 2008-yillarda prezidentlik uchun qilgan muvaffaqiyatsiz urinishlarini eslamasa ham bo'ladi. Ha, aynan 2008-yil nomzodlikni qo’lga kiritish uchun kechgan partiya ichki saylovlarida tajribali siyosatchilar - Jo Bayden ham, Hillari Klinton ham yosh Barak Obamaga yutqazgan.

Xullas, amerikalik ona va xalqaro talaba bo’lgan keniyalik ota farzandi, bolaligining ilk yillarini xorijda (Indoneziya) musulmon o'gay ota xonadoniga o'tkazgan, musulmoncha ismga ega bo'lgan Barak (Baraka) Husayn Obamaning qisqacha siyosiy tarixi shundan iborat.

Barak Obama hozir oilasi bilan poytaxt Vashingtonning Kalorama mahallasida istiqomat qiladi.

@bmamadiev
3.8K viewsedited  18:54
Ochish/sharhlash
2021-02-01 19:49:53 Myanmada harbiy to'ntarish yuz berdi. Armiya hokimiyatni egallab olgan. Prezident, vazirlar, hukmron «Demokratiya uchun milliy liga» partiyasi yetakchisi, Tinchlik uchun Nobel mukofoti laureati Au San Su Chi qamoqqa olingan.

Harbiylar davlat to'ntarishini noyabr oyida o'tgan parlament saylovlari natijalarining soxtalashtirilgani bilan asoslamoqda. Milliy liga 83 foiz ovoz bilan saylovda g'alaba qozongan edi. Saylov komissiyasi jarayon qonun doirasida o'tgan deya xulosa qilgan.

Mamlakatda harbiy to'ntarish birinchi marta yuz berishi emas. 1962-yilda ham hokimiyatni armiya egallab olgan edi. Ularning hukmronligi 2011-yilgacha davom etgan.

Mamlakatda fuqarolik boshqaruvi uzoqqa bormadi, 2021-yil boshida yana harbiylar hokimiyatni egallab oldi.

Umuman, zamonaviy tarixda ko'plab mamlakatlarda harbiy to'ntarishlar yuz berib turadi. Misr va Turkiyada yuz bergan so'nggi voqealarni misol qilib keltirish mumkin.

Odatda, deyarli barcha mamlakatlarda davlat rahbari, ya'ni prezident oliy bosh qo'mondon bo'lsa-da, amalda haqiqiy kuch generallarda, armiyani bevosita boshqaruvchi qo'mondonlarda bo'ladi.

AQShda harbiylar hokimiyatni egallab olishi ehtimolining oldini olish uchun, ya'ni harbiylar ustidan fuqarolik nazoratini o'rnatish maqsadida harbiy xizmatdagilarning mudofaa vaziri bo'lishi qonun yo'li bilan taqiqlab qo'yilgan. Mudofaa vaziri lavozimiga tasdiqlanish uchun nomzod harbiy bo'lmasligi yoki harbiy xizmatdan ketganiga kamida 7 yil to'lgan bo'lishi kerak.

Agar harbiy xizmatdan ketganiga yetti yil to'lmagan bo'lsa, Kongress nomzod uchun maxsus qaror chiqarib, uni yetti yillik talabdan istisno qilishi kerak. Jo Bayden tomonidan mudofaa vaziri etib tayinlangan Lloyd Ostin uchun shunday istisno e'lon qilindi.

@bmamadiev
4.7K viewsedited  16:49
Ochish/sharhlash
2021-01-31 02:29:14 - Jo Bayden davrida AQShga immigratsiya qilish osonlashadimi?

- Amerikadagi 11 million noqonuniy muhojirga fuqarolik beriladimi?

- Grin kartadagi o’rinlar soni ko’paytiriladimi?

- Viza rad etilgan holatda, AQSh elchixonasi ustidan shikoyat qilish mumkinmi?

Shu va boshqa savollar haqida advokat Mirakmal Niyazmatov bilan suhbat





@bmamadiev
6.7K viewsedited  23:29
Ochish/sharhlash
2021-01-28 21:13:05 AQShning GM kompaniyasi 2035-yilgacha benzin va dizelga yuradigan avtomobillar ishlab chiqarishni butunlay to’xtatishini e’lon qildi.

Faqat elektromobillardan iborat bo’ladigan kelajak sari tashlangan katta qadam.

@bmamadiev
4.7K viewsedited  18:13
Ochish/sharhlash
2021-01-28 02:10:52 Moliya bozoridagi g'alati hodisalar

AQSh fond birjalarida oxirgi kunlar g'alati voqealar yuz beryapti. Uncha tanilmagan va ishida fundamental jihatdan biror o'zgarish yuz bermagan ba'zi kompaniyalarning aksiyalari narxi osmonga sapchidi.

Masalan, kinoteatrlarga ega AMC (AMC) kompaniyasining ulushlari bugun 301 foiz o'sdi. Oxirgi besh savdo kunida jami 552 foizga oshgan. Asosan, video o'yinlar taqdim etuvchi "GameStop" kompaniyasida (GME) o'sish bundan ham katta. Oxirgi besh kunda 766 foizga; bugunning o'zida 134 foizga o'sgan.

Quloqchin ishlab chiqaruvchi Koss korporatsiyasidagi (KOSS) o'zgarishga esa aql bovar qilishi qiyin. Bugunning o'zida uning bir dona aksiyasi narxi 480 foiz, oxirgi besh kunda 1358 foizga sakragan.

Bir paytlar telefon ishlab chiqarishda yetakchilardan bo'lgan Blackberry (BB) aksiyalari ham oxirgi besh kunda qariyb 100 foiz o'sdi. O'sish trendi bugun ham davom etdi.

Aslida bugun moliya bozori juda qonli bo'ldi: barcha indekslarda 2-3 foiz pasayish kuzatildi; bu o'tgan yil oktabrdan beri eng katta yo'qotish ekani aytilyapti. Shunga qaramay, ba'zi kompaniyalar narxi geometrik o'sishda davom etyapti.

Narx tushishidan foyda qiladigan savdogarlarning vahima va qo'rquv ostida o'z pozitsiyalarini o'zgartirayotgani so'nggi kunlardagi g'ayrioddiy o'sish ortida turgan asosiy sabab ekani aytilmoqda. Moliya bozorida buni "short squeeze" deb atashadi.

Ya'ni, qaysidir kompaniya aksiyasi narxi tushishini taxmin qilgan odam shunga pul tikib, ya'ni aksiyalarni nasiyaga olib, narx tushgandan keyin aksiyalarni sotsa, qarzga olgan paytdagi narx va sotilgan paytdagi narx orasidagi tafovutni foyda sifatida o'zida olib qoladi. Aksincha, narx oshsa, farqni yonidan to'lashi kerak bo'ladi.

Yuqorida tilga olingan kompaniyalarda narx tushishini taxmin qilganlar salmog'i juda katta ekani aytiladi. Narxlar oshgan sari, ular zararni kamaytirish uchun, ya'ni qo'rquv ostida qarzga olingan aksiyalarni naqdlashtirishni boshlashgan. Bu degani, ular aksiyalarni bozor narxida sotib olishi kerak. Bunday savdogarlar soni ortgan sari, sotuvda bo'lgan askiyalar soni kamayib boradi va o'z-o'zidan aksiya narxi oshib ketadi.

Xullas, so'nggi kunlar moliya bozorida juda g'ayrioddiy holatga guvoh bo'lyapmiz.

Bunday aksiyalardan uzoqroq turishni tavsiya qilgan bo'lardim. Omadingiz kelib, bir kunda 100-200 foiz daromad topishingiz mumkin; ayni paytda shuncha miqdorda pul yo'qotishingiz ehtimoli ham yuqori. Risk juda baland.

Shuning uchun aksiyalarga uzoq muddatni ko'zlab pul tikish kerak. Kompaniyani yoqtirsaningiz, uning muvaffaqiyat qozonishiga ishonsangiz, demak, bu kompaniya aksiyalari narxi kelajakda o'sishiga ham ishonasiz. Zotan, kompaniyaning muvaffaqiyat qozonishi fundamental jihatdan yaxshi asoslarga ega bo'lsa, uning aksiyalari narxi vaqt o'tishi bilan, albatta, o'sib boradi. Shunda narxlarning kundalik o'ynab turishi sizni ko'p bezovta qilmaydi.

@bmamadiev
5.9K viewsedited  23:10
Ochish/sharhlash
2021-01-26 03:59:34 "YouTube" kanalida birjadagi aksiyalar savdosiga oid minglab kanallar bor. Hammasi qanday qilib tez va oson pul ishlab topish haqida aql o'rgatish bilan band.

Men ham ba'zilarini kuzatib turaman. Yaqinda "Fresh Mind Investing" degan yangi kanal paydo bo'ldi.

Shu paytgacha men ko'rgan kanallar, blogerlar orasida bunisi yarq etib ajralib turadi: tahlillari juda mantiqiy; ayniqsa, jadvaldagi (chart) narxlar o'zgarishiga qarab tushuntirishlariga gap bo'lishi mumkin emas.

Agar ingliz tilini tushunsangiz, aksiyalar borozida savdo qilib tursangiz, shu kanalni kuzatib borishni tavsiya qilaman:

https://www.youtube.com/channel/UCOQDuXkdwp8BymZ0srZocJg

Kanal muallifi hammaga ma'lum va mashhur kompaniyalar aksiyalari haqida emas, balki, asosan, o'zi pul tikkan kompaniyalar haqida videolar qo'yadi.

Bozorni va kompaniyalarning moliyaviy imkoniyatlarini yaxshi tahlil qiladigan va men kuzatib turadigan yana bir bloger - germaniyalik Marcel Munch. Uning kanalini shu yerdan topishingiz mumkin:

https://www.youtube.com/channel/UCzB_l3w3e7-cchFahGWMiYQ

Ogohlantirish: Aksiya oldi-sottisida foyda qilish imkoniyati ham, bor-budingizni boy berish riski ham juda yuqori. Shu bois yetti o'lchab bir kesib; birov tavsiya qilgani uchun emas, balki o'zingiz chiqargan shaxsiy qaror va xulosa asosida ish tuting.

@bmamadiev
3.7K viewsedited  00:59
Ochish/sharhlash