2022-09-03 20:40:49
Cho‘lpon-Otadagi to‘rtinchi Markaziy Osiyo rahbarlari maslahatlashuv kengashi mintaqa integratsiyalashuvi haqida bir qancha ijobiy mujdalar berdi. Xususan, anchadan beri kutilyotgan 2022-2024-yillarda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” hamda “XXI asrda Markaziy Osiyoni rivojlantirish yoʻlida doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va hamkorlik qilish toʻgʻrisida”gi shartnomani imzolandi. Biroq bu shartnoma Tojikiston va Turkmaniston tomonidan imzolangani yo‘q.
Markaziy Osiyo integratsiyasiga ham aynan mana shu ikki davlat hukumati to‘siq bo‘lishi mumkin. Mirziyoyev, To‘qayev va Japarov ancha iliq munosabatlar tarafdori ekanliklarini ko‘rsatdi, ayniqsa O‘zbekiston Mirziyoyev davrida qo‘shnilar bilan aloqalarni keskin yaxshiladi.
Turkmaniston xonligi va Tojikiston amirligi esa haqiqiy diktaturaviy davlatlar. Birida prezidentlik allaqachon nasldan-naslga qolishni boshlagan bo‘lsa, ikkinchi ham bunga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Turkmaniston xonligi fuqarolari dunyoning faqat bir davlati — Turkiyagagina vizasiz chiqishi mumkin edi, yaqinda bu ham taqiqlanishi mumkinligi haqida xabarlar tarqaldi. Turkmanistonliklar o‘z qo‘shnilari hududiga ham vizasiz chiqa olmaydi va chiqqanda ham o‘zi bilan juda kam tovar olib kira oladi. Bu orqali hamsoyalar bilan chakana savdo deyarli bo‘g’ilgan.
Tojikistonda ham ahvol shu, hatto jiddiyroq ham. Turkmanistonda farqli o‘laroq, Dushanbe ichki muammolarga ega. Bu Tog‘li Badaxshon muxtoriyati muammosi. May oyidagi qonli voqealardan so‘ng Tojikiston mamlakat ichi va chegaralardagi nazoratni kuchaytirdi. Bunga qo‘shimcha Tolibon bilan munosabatlar keskinlashdi. Jumladan, Tolibon qo‘mondoni Rossiya ortida turmaganda Tojikistonni bir haftada bosib olishi haqida gapirdi. Imomali Rahmon uchun bu jiddiy signal edi. Shunday vaziyatda qo‘shnilaridan yordam olish u uchun juda kerak, biroq diktator qo‘shnilaridagi demokratik elementlar uning mamlakatiga kirib kelishi va uning hokimiyatiga rahna solishidan qo‘rqadi.
Qolaversa, Tojikiston Qirg‘iziston bilan shu yilning o‘zida chegarada bir necha bor to‘qnashdi va bu masala hali hal qilingani yo‘q. Lekin oldingilaridan farqli ravishda mamlakat rasmiylari darhol voqea joyiga kelib, hamkasblari bilan muammo jiddiylashishining oldini olmoqda. Bu esa prezidentlarning yaqinlashuvi ortidan yuz bermoqda. Atambayevdan keyingi Qirg‘iziston prezidentlari qo‘shnilar bilan aloqalarni yaxshilashga harakat qilyapti.
Qozog‘iston va O‘zbekistonda bu borada muammo yo‘q. Rossiyadan iloji uzoqroq bo‘lishga intilayotgan To‘qayev Markaziy Osiyodagi qardoshlari bilan aloqalarni mustahkamlashga e’tibor beryapti. Markaziy Osiyoda umumiy bozorning paydo bo‘lishi shubhasiz birinchi navbtada Qozog‘istonga, keyin esa O‘zbekistonga foydali bo‘ladi. Bu orqali ular Rossiyaga moliyaviy bog‘liqni kamaytirishi mumkin.
Mirziyoyev esa prezidentligining ilk oylaridanoq qo‘shnilar bilan aloqalarni normallashtirishga kirishdi. Umuman olganda Mirziyoyevning qilgan eng katta ishlaridan biri ham hamsoyalar bilan munosabatlarini tiklagani bo‘ldi. Yopiq chegaralar ochildi (Turkmanistondan tashqari, ammo prezident harakat qildi, Orqadog‘ ko‘nmadi).
Kelajakda O‘zbekiston va Qozog‘iston kelishuvlari Markaziy Osiyo integratsiyasi uchun asos bo‘lar ehtimoli. Masalan, Yevropa ittifoqi tashkil topishiga ham Fransiya va Germaniya o‘rtasida tuzilgan “Ko‘mir pakti” asos bo‘lgan edi.
Biroq Qozog‘istonda boshlangan demokratik islohotlar O‘zbekiston bilan siyosiy o‘xshashlikni yo‘qotishi va tafovutlar paydo qilishi mumkin. Qolaversa, hukumatlarning siyosiy qarashlari hozir ham turlicha. Masalan Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini ikki davlat ikki xil qabul qildi. Bunday vaziyatda esa asosan iqtisodiy kelishuvlar integratsiyaning debochasi bo‘lishi mumkin.
Kanalga ulanish
@centerasiastudy
2.3K viewsedited 17:40