2023-10-19 10:03:07
43-mavzu
Osoyishtalik posbonlari – zamonamiz qahramonlari
(25-oktabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni)
Agar davlat tayanadigan asosiy ustun qonun bo‘lsa, uning kuchini amalda namoyon etadigan eng samarali tizim bu – ichki ishlar sohasi, desak, ayni haqiqat bo‘ladi.
Shavkat MIRZIYOYEV
Bugun dunyoda hukm surayotgan murakkab va tahlikali sharoitda mamlakatimiz xavfsizligi va hududiy yaxlitligini, jamiyatimizda tinchlik va hamjihatlikni ta’minlash qanchalik muhim vazifa ekanligini barchamiz ko‘rib, bilib turibmiz. Bunda ichki ishlar organlari xodimlari har doim davlatimiz va jamiyatimizning mustahkam tayanchi bo‘lib xizmat olib borishmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining jamoat xavfsizligi konsepsiyasi hamda 2022–2025-yillarda jamoat xavfsizligini ta’minlash tizimini rivojlantirish strategiyasi asosida fuqarolar huquqlarini himoya qilish tizimini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan zamonaviy ish uslublari amaliyotga tatbiq etilmoqda. Hududlarda jinoyatchilikning oldini olish, uning sabablarini bartaraf etish maqsadida huquqbuzarliklarning «mahallabay» va «xonadonbay» muhokamalari keng jamoatchilik ishtirokida o‘tkazilmoqda.
Bugungi kunda mamlakatimizdagi har bir mahallada xizmat olib borayotgan profilaktika inspektorlari hudud fuqarolarining tekshiruvchi yoki nazoratchisi emas, balki barcha hayotiy masalalarda aholiga ko‘makchi, chinakam yelkadosh, yonma-yon turadigan yaqin insonga aylanib ulgurdi. Shuningdek, profilaktika inspektorining mahallada hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faoli bilan hamkorlikdagi faoliyati ko‘plab huquqbuzarliklarga barham berib, turli yo‘nalishdagi muammoli masalalarning hal etilishida alohida ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, hududlarda xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektorlar ko‘p sonli opa-singillarimizning maslahatchisi, himoyachisi va ko‘makdoshi sifatida qator amaliy ishlarni olib borishmoqda.
Probatsiya xizmati xodimlari ham tegishli tashkilot va idoralar bilan hamkorlikda mahkumlarni zarur kasb-hunarlarga o‘qitish, ishga joylashtirish, xususiy tadbirkorlikka jalb etish, eng asosiysi, ish beruvchilar tomonidan ularning huquq va manfaatlari ta’minlanishida yaqindan yordam ko‘rsatishmoqda.
Ichki ishlar vazirligi tarkibidagi xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘linmalari xodimlari mamlakatimizning turistik salohiyatini oshirish borasida jonbozlik ko‘rsatib, xorijiy hamda mahalliy sayyohlarning xavfsizligini ta’minlanish barobarida ularning mazmunli sayohatiga munosib hissa qo‘shib kelayotir. Ayni paytda ushbu bo‘linmalarda qator xorijiy tillarni biladigan, tarix, etnografiya va san’at sohasidan chuqur bilim, ko‘nikmaga ega yosh yigit-qizlarning o‘z vazifalarini har jihatdan to‘kis bajarayotganini ko‘rib ko‘nglimizda faxr tuyishimiz rost.
19.4K views07:03