2023-05-03 13:26:19
Ilm-fanning davlat tomonidan e’zozlanishi
Xalifa Horun ar-Rashid tomonidan Bag‘dodda tashkil etilgan kutubxonada qadimgi sivilizatsiyalarga oid noyob manbalar jamlandi, ulardan nusxalar olinib, arab va fors tillariga tarjima qilindi.
“Bayt ul-Hikma” ― Ma’mun akademiyasida olim va mutafakkirlar jamoalari, tarjimonlar guruhi hamda abbosiylar sulolasi tomonidan asrlar davomida jamlangan ilmiy va badiiy asarlardan iborat kutubxona faoliyat yuritgan.
Bu maskanda, bir tomondan falsafa, mantiq, matematika, tibbiyot, astronomiya, optika kabi turli sohalarga mansub olimlar qizg‘in ilmiy munozaralarni tashkil etar, ikkinchi tomondan olimlar va tarjimonlar qadimgi manbalarni tarjima qilar, ularni tadqiq qilib, yangi asarlar ijod qilishardi.
Ma’mun akademiyasida olimlar, mutafakkirlar, tarjimon va kotiblar alohida e’zozlanib, xalifalar tomonidan rag‘batlantirilgan. Ilm-fan va ta’lim davlat miqyosida qo‘llab-quvvatlanib, olimlar va mutaxassislar farovon hayot kechirganlar.
Xalifa Ma’mun akademiyaning ilmiy faoliyati bilan shaxsan shug‘ullanib, olimlar ijodi bilan tanishib borgan. Muhammad Xorazmiyning yozishicha, xalifa shaxsan olimni matematikaga oid “Al-jabr val-muqobala” asarini yozishga rag‘batlantirgan.
Islom olamidagi ilk rasadxona xalifa Ma’mun tomonidan 828-yilda Bag‘dodda qurilgan. Ushbu ilmiy dargoh Islom tarixida davlat tomonidan moliyalashtirilgan ilk yirik ilmiy loyiha hisoblanadi.
Shuningdek, xalifa Ma’mun turli ilmiy asarlarning tarjima qilinishida, yangi astronomik jadvalning tuzilishida hamda Yerning kattaligini o‘lchash va xaritasining tuzilishi kabi ilmiy-tadqiqot ishlarida bosh-qosh bo‘ldi.
O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi tarixi muzeyi uchun
Markaziy Osiyo | Library | Science |
4.6K viewsedited 10:26