Get Mystery Box with random crypto!

Har safar tug'ilib o'sgan tumanimga borganimda mahalladoshlari | Saroyminds

Har safar tug'ilib o'sgan tumanimga borganimda mahalladoshlarimning kayfiyatini kuzataman. 2019-yil parlament saylovidan oldin mahallamiz ko'chalari asfalt bo'lgandi. Odamlar juda xursand edi. 2017-yildan beri televizorda aytilayotgan islohot deb nomlangan so'z nihoyat bizning mahallamizga yetib keldi deb hazillashishardi. Orada islohotlar bir muncha uxlab qoldi va 2022-yilgacha qorasini ko'rsatmadi. Nihoyat, yaqindagina borib kelganimda ham odamlarning yuziga qizillik yugurganiga guvohi bo'ldim. Suv kelishi uchun yerlar qazilgan. Gaz kelgan. Sovuq tushishidan oldinroq borganim uchun gaz bor edi, uylarni o'tin va ko'mir (tappi)siz isitishayotgandi. Sovuq tushgandan keyin ham hech bo'lmasa xona zahrini ilitar darajada gaz bor edi. Odamlar shunga ham xursand. (Biz ham, Toshkent shahrining eng oldi, rahbarlar-u, korchalonlar yashaydigan Mirzo Ulug'bek tumanida choy yarim soatda qaynayotganiga xursand bo'lib o'tiribmiz-ku).

Bir so'z bilan aytganda, oddiy xalq televizordan chiqib islohot, islohot deb ming aytganingiz bilan islohot real hayotida aks etmasa va yashash sharoitini yaxshilamasa, O'zbekiston 24 ga mahliyo bo'lib o'tirmaydi. Hech kim anoyi emas, yolg'onlaringizga ishonadigan. Bugun bir video ko'rib qashqadaryolik ekanim uchun-mi, ichimdan qirindi o'tdi. Albatta, bizning mahallada svet o'chmayotgani, gaz borligi, kanalizatsiya kelayotganligi, ko'chalarimiz asfaltligi (hasadim keldi, Toshkent shahri Mirzo Ulug'bek tumanida svet tok pechkani ko'tara olmayapti, gaz yarim soatda choy qaynatyapti, kun bo'yi "bugun kotyol suvni isita olsa, cho'milib o'lardim" degan o'y bilan yuribmiz, trotuarlar loy, asfalt qilinmagan) uchungina odamlarning yuziga qizillik yugurgan. Quruq va havoyi gaplar, yemagan propaganda va ittifoqnusxa, ittifoqbashara va ittifoqmiyalarning (boshqa so'zlar ham yasadim, lekin ayollar bor kanalda) targ'iboti, ayni hozirgi sharoitda yemaydi!

Bo'ldi-da endi! Yaxshi ishlasanglar shundoq ham xalq maqtaydi. Masalan, tumanimiz hokimi Bekzod Olimovich Suyunov. Mahallamizdagi har bir xonadonda duoga qo'shiladi. Shu odam kelgandan keyin G'uzor odam bo'ldi deyishadi. Muammo taklif bergan qizda emas. Muammo bu taklifni qarsak bilan qarshi olgan zalda ham emas. Muammo bu taklifni videoga olib o'z sahifasiga maqtanib, heshteglar bilan joylagan QDU mas'ullarida ham emas. (Ularda tafakkur bilan fikrlash qobiliyati bo'lganida, "shoshma, bu videoni qo'ysak jamoatchilik oldida sharmanda bo'lamiz" degan bo'lishardi). Muammo - bunaqa taklifga, "qizim, hali yoshsan, prezidentimiz "shuncha yil qarsak chalib hech nimaga erishmadik, maqtov bu yomon narsa, kim meni maqtasa mening dushmanim, yaxshi ish qilsak, xalqning o'zi e'tirof etaveradi, duolarida qo'shaveradi, bunaqa choralar bizga faqat zarar keltiradi" deganlar" demagan hokimto'rada. Murodjon Berdialiyevich bo'lsa ishga olib o'tiribdi. Eh hokimbuva. Yarashmabdi bu ishingiz. Haliyam kech emas. El oldiga chiqib, nimadir deng. Bunaqalarni hokimiyatga yaqinlashtirmang! Viloyatdagi muammolar yechilishiga hissa qo'shayotgan blogerlarning og'zini yopmang! Iltimos, Qashqadaryomiz ittifoqzodalar qo'lida qolib ketib, trolvachchalar makoniga aylanmasin. Juda bo'lmasa ishimizni tashlab, o'zimiz borib ishlaymiz jonajon hokimiyatimizda. Hokimiyatda sizni, komandangizni maqtamasa ham bo'ladigan ish-pish bordir-a?

@saroy_minds