Get Mystery Box with random crypto!

Svet va gaz muammolari tobora ortib, odamlar jonidan to'yar da | Saroyminds

Svet va gaz muammolari tobora ortib, odamlar jonidan to'yar darajaga yetib kelganidan so'ng propaganda vektori masjid imomlari hamda internet mullalarining sabrga chaqirishidan "narx-navo arzon, qimmatlasa muammo yechiladi" tomon o'zgaryapti. To'g'risi, odamlar sabr qilib charchadi. Buning in'ikosi Komil Allamjonovning medal olgani haqidagi post/twit kommentlaridan tortib qo'l yetmas oilalar haqida chiqayotgan xabarlardagi izohlarda ham yaqqol ko'rinib turibdi. (Telegram kanalda bu bilinmaydi, komentni o'chirish mumkin, Ismoilovichning telegram kanaliga qarasangiz "medal muborak Komiljon, yaxshiyam borsiz, baraka toping, judayam zo'r yashayapmiz siz bor uchun, boshimizdagi tojsiz, brilliantsiz" kabi gaplarga to'lib ketgan. Twitter boshqacha. Siz yozgan replyni boshqasi o'chira olmaydi, uyoqda hamma "qanday tatiyapti medal, xalq qiynalganda bayram qivossanlami, suf senlarga" bo'lib yotibdi).

O'lgan ustiga tepgan qilib Gulnora davrida ham, hozir ham (katta ehtimol bilan 20 yildan keyin ham) tadbir-u, tantanalar guli bo'lgan blogerlar "arzon bo'lgani uchun svet-gaz yo'q, qimmatlasa hammasi yaxshi bo'lib ketardi" qabilida fikr bildirayotgani shundoq ham tishini-tishiga qo'yib chidab kelayotgan xalqni battar siqilishiga (boshqa harf yozmoqchi edim) sabab bo'lmoqda. Buni Nigina bilan tik-tokda duet qilib yuradigan Namanganlik deputat misolida ham ko'rdik. Xalq uning "Uychi qamoqxonalari issiq" degan gapini kuchli nafrat bilan kutib oldi, hattoki chora ko'rilib, ishdan bo'shatilsa ham, "qo'limga tushsa enasini bir joyiga tiqaman" deb yurganlar ko'p.

Mana shunday qaltis vaziyatda energiya narxlarini qimmatlashni taklif qilish qanchalik insofdan? Xo'p, hozir arzon bo'lgan paytda yo'q narsa, narx qimmatlasa birdan paydo bo'lib qoladimi? Bunga kim kafolat beradi? Xo'p, davlat ishtiroki yo'qolsin, xususiylashtirilsa raqobat kuchayadi degan nazariya butun dunyoda istbotlangan. Lekin bizdachi? Xususiylashtirishni Gulnora tushiga ham kirmagan usullari borligini yaqin tariximiz ko'rsatib berdi-ku! Gulnora bechara biror zavodni xususiylashtirish uchun resurs sarflagan, pul sarflab bankrot qilgan, so'ng arzon narxda sotib olgan, yana pul sarflab ko'tarib, qimmatroqqa sotgan. Hozir esa g'arb sanksiyasiga uchrab mahallamizdagi rahmatli alkash Parman buvadan farqi qolmagan oligarxlarga "ishonchli boshqaruv"ga suv-tekinga berildi, qanchadan qancha davlat korxonalari tepadagilar tomonidan turli sxemalar orqali xususiylashtirildi. Mana shunday xususiylashtirish va bozor iqtisodiga o'tishda juda yomon imij ko'rsatib bergan qorako'zlarimizga qanday qilib ishonish mumkin? Xususiylashtirish yoki bozor narxlarga o'tishga tepadan topshiriq kelgan taqdirda ham hozirgi energetika tizimidagi qahramonlarning parda ortidagi ta'sischiligi asosida tuzilgan kompaniyalarning yoki muttaham-o'g'ri Rossiya fuqaroligidagi oligarxlarga imtiyozli bozorga kirib kelishi asosida tuzilgan kompaniyalarning ahvolni bundan-da battar holatga olib kelishi ehtimoli borligini yosh bola ham biladi-ku! Raqobatli, halol xususiylashtirish yaxshi, lekin kechirib qo'yasiz, men ahmoq emasman, bizning energiya bozorimizda bunaqa bo'lmasligiga, 2-3 kundan keyin yuqori minbardan xususiylashtirish topshirig'i tushganda ham o'zbekistoncha, yo'q-yo'q, yangi o'zbekistoncha xususiylashtirish sxemalari ishlashiga ko'proq ishonaman). Shunday ekan, arzon bo'laturib shuncha muammo bor ekan, shuncha muammo saqlanib turib, yana narx qimmat bo'lishini xalq ko'tara olmaydi. Odamlar charchadi. Narxni oshirmanglar. Xususiylashtirmanglar. Hozirgi holatda yaxshilash bo'yicha nimadir yo'li bordir, axir. Bekorga tepada o'tirmagandirsiz? Ishlangda endi!
@saroyminds