Get Mystery Box with random crypto!

​​Ishga tiklash bilan bog‘liq nizolardagi qiziq holat Ma’lum | YURIDIK KONSALTING⚖️

​​Ishga tiklash bilan bog‘liq nizolardagi qiziq holat

Ma’lumki, xodim ishdan noqonuniy bo‘shatilgan bo‘lsa (OSPQ 51-band), u ishga tiklanishi mumkin bo‘ladi.

Sud bunday nizolarni ko‘rishda xodimni qaysi lavozimdan noqonuniy bo‘shatilgan bo‘lsa, shu lavozimga tiklaydi (MK 271-m). Biroq, ayrim holatlar bo‘ladiki, unda xodimni avvalgi lavozimiga tiklashning imkoni bo‘lmaydi.

Misol uchun, korxonada qisqartirish bo‘lib, ushbu lavozim shtatlar jadvalidan chiqarib tashlangan, biroq shu lavozimda ishlaydigan xodim ishdan bo‘shatish tartiblariga rioya qilinmagan holda ishdan bo‘shatilgan. Bunday vaqtda ham xodim noqonuniy ishdan bo‘shatilgan sanaladi va ishga tiklanadi. Lekin qaysi lavozimga…

O‘tgan oyda xuddi shunga o‘xshash masala kelib qoldi. Yoshlar yetakchi lavozimida ishlaydigan bir xodim qisqartirish tufayli (PQ 92-son qaror) ishdan bo‘shatilgan. Lekin yuqorida aytganimdek, ishdan bo‘shatish tartibiga rioya qilinmagan. Shuning uchun sud uni yoshlar yetakchi lavozimiga qayta tiklash haqida hal qiluv qarori chiqargan.

Ma’lumki, sudning ishga tiklash bilan bog‘liq hal qiluv qarori darhol ijro etiladi (FPK 266-m). Yuqoridagi holatda esa xodimni ishga tiklashning imkoni yo‘q. Negaki yoshlar yetakchisi lavozimi allaqachon qisqarib ketgan. Shundan so‘ng MIB bu qarorni ijro etib bo‘lmasligi tufayli sudga qaytargan. Natijada esa xodim sarson bo‘lmoqda.

Amaliyotda bunga o‘xshash vaziyatlar juda ko‘p. Biroq yuridik jihatdan buning aniq yechimi yo‘q.

Amaldagi Mehnat kodeksining 271-moddasi uchinchi qismining mazmuniga ko‘ra faqat g‘ayriqonuniy ravishda sudlangan yoki g‘ayriqonuniy ravishda jinoiy javobgarlikka tortilishi munosabati bilan ishdan (lavozimdan) chetlatilgan xodim avvalgi lavozimi bo‘lmagan taqdirda, unga teng bo‘lgan boshqa lavozimga tiklanadi. Ushbu qoida boshqa xodimlarga nisbatan qo‘llanilmaydi.

Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksida (hali tasdiqlanmagan) ham bu masala ochiq qolib ketgan. Demak yangi kodeks qabul qilinganda ham bu muammo yechimini topmay qoladi.

@yurist_imomniyozov