Get Mystery Box with random crypto!

Poytaxt ta’lim muassasalaridagi holat tanqidiy tahlil etildi | Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi

Poytaxt ta’lim muassasalaridagi holat tanqidiy tahlil etildi

Bugun Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova boshchiligida Toshkent shahar tumanlarining maktabgacha va maktab ta’lim bo‘limi rahbarlari hamda mas’ul xodimlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tkazilgan yig‘ilishda kuni kecha Prezident huzurida maktab ta’limini rivojlantirish va sifatini oshirishga oid rejalar taqdimoti hamda Toshkent shahridagi 5-maktabga amalga oshirilgan tashrif davomida belgilab berilgan vazifalar ijrosi haqida so‘z bordi.

Ta’kidlanganidek, ayni vaqtda poytaxt tumanlarida maktabgacha ta’lim qamrovi 76 foizdan oshgan bo‘lsada, ayrim hududlarda bu borada sustkashlikka yo‘l qo‘yilmoqda.

Vazir ushbu hudud rahbarlarining maktabgacha ta’lim qamrovini oshirishga doir reja va takliflari bilan tanishdi, yil oxiriga qadar sezilarli o‘zgarish qilish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.

Shuningdek, joylarda oilaviy shakldagi maktabgacha ta’lim muassasalarini rivojlantirish, ushbu yo‘nalish bo‘yicha raqamlashtirish jarayonini yanada jadallashtirish bo‘yicha mavjud holat tahlil etildi.

Yig‘ilishda Toshkent shahar maktablarida ta’lim sifatini oshirish va bitiruvchilarning oliy ta’lim muassalariga kirish ko‘rsatkichini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar keltirib o‘tildi va mavjud takliflar o‘rtaga tashlandi.

Bitiruvchilarining o‘rtacha ballari past natija ko‘rsatgan maktablarda ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha mas’ullarga zarur tavsiya va topshiriqlar berildi.

Yig‘ilishda soha xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazish uchun shu oyda boshlanadigan malaka sinovlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish, mutasaddilarning bu boradagi mas’uliyatini yanada oshirish bo‘yicha zarur vazifalar belgilab berildi.

Yig‘ilishda tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi mudirlarining keltirib o‘tilgan masalalarga doir hisobot va takliflari tinglandi.