Get Mystery Box with random crypto!

​​Umuman joʻnatilmaydigan maktub Intizor... Birovning guli. Q | The Stranger

​​Umuman joʻnatilmaydigan maktub

Intizor... Birovning guli. Qaysidir peshonasi ikki qarich kishining taqdiriga bosilgan baxt otligʻ muhr... Rosti, topilmadi boshqa taʼrif. Aylansam ham, oʻrgilsam ham, ming chiransam ham isming baxt soʻzining maʼnodoshiday tuyulaveradi menga. Qara, naqadar tafakkurdan qisgan meni Xudo.

Bular-ku mayli, qayga bormay duch kelaveraman ismingga. Surudlarga quloq tutamanmi, kitob varaqlaymanmi, koʻchada izgʻiymanmi noming chiqaveradi qarshimdan xotiralarni opichlab. Qara, hanuz isming odatiy soʻz emas men uchun.

Eshitdim, tirnogʻing ikkita boʻlibdi. Men ham shunday deb oʻylagandim oʻzi. Ular hali bilishmasa kerak olamdagi eng suluv, eng begʻubor ayol ularga ona ekanini. Goʻdak-da hali ular, qayerdanam bilishsin? Qara, haliyam oʻzgarmabman, goʻdak deb oʻzimcha baho beryapman birovning zurriyodiga. Balki ularning tafakkuri menikidan behtardir, kim bilsin?

Olov tusli atirgul kelyapti xayolimga. Oʻsha gulni Intizor deb atasharkan deganding, yodingdami? Chechak yangligʻ, olov tusli atirgul yangligʻ bir masrurning gulxonasini iforga toʻlatayotganing naqadar goʻzal-a? Qara, negadir sen uchun xursandman. Farahmand ekaningga juda ishonsam kerak.

Kamina poyintar-soyintar gapiradigan edim azaldan. Haligacha nuqsi bor: bir oshnadan, bir poshnadan soʻzlayapman hozir ham. Fikrlarim chalkash...

Intizor, ikki misra sheʼrday chaqnagan koʻzlaring, aruzday ohangdor soʻzlaring, toza ilhom-la bitilgan saktasiz dostonday muzayyan borligʻing ​​— bari yodimda. Koʻp suvlar, turli-tuman suvlar oqib oʻtgan boʻlsa bordir oradan. Biroq ikkimiz bir paytda tinglagan qoʻshiq, baham koʻrilgan iztirob, birga topib-yoʻqotilgan neki boʻlsa, hammasi qalbimda.

Faqat, bilasanmi, seni unutmoq qasdida xotiralarni koʻmgandim yurakning oʻzimga nomaʼlum kunjlariga. Rahmatli biyimning sandigʻiday ochilmay yotdi ular uzooooooq vaqt. Ayni dam sandiq beixtiyor lang ochilib, xonamni toʻlatib suzayotir xotiralar. Bir burchakdan faqat ikkimiz biladigan alifbodagi xatlar, narida ilk bor koʻzingga surunkali termulganim, tagʻinam narida dallilarcha sevgi izhor qilganim, boshqa tarafda xayrlashuv maktubingni yirtib yuzingga otganim (mayli, shu qiligʻim uchun hozir kechirim soʻrayman), yana allaqaysi tomonda oramizga olamushuk boʻlib tushgan omillar...

Xoʻsh, nima qoldi ekan aytilmagan? Ha, topdim. Bu maktubni faqat ikkimiz biladigan yozuvda bitmaganim uchun ham uzr. Oʻlay agar, paqqos yodimdan chiqqan oʻsha harflar. Qolaversa, (qolavermasa ham) baribir bu xatni senga yubormasligim aniq. Na manzilingni bilaman, na raqamingni. Bilganimda ham naf yoʻq, joʻnatmasdim: oʻsha-oʻsha oʻjarman.

Gapning poʻskallasi shu, masrur ekaningdan shodman, hech boʻlmasa baxtli deb oʻylayotganim ham yetarli quvonishimga. Minnatdorman sendan. Allamahalda uxlatmay oq qogʻozni qoralattiradigan, yupun boʻlsa-da yashab kelayotgan xotiralar hadya etganingdan mamnunman. Senda oila, bir juft bola, goʻzal hayot bor. Mening esa maqtangulik bisotimdan biri shu xotiralar xolos. Tashakkur senga, birovning olovtus atirguli...

​​Sh.U