Get Mystery Box with random crypto!

​​Jorj Oruellning '1984' kitobini oʻzbek tilida nashr qilingan | The Stranger

​​Jorj Oruellning "1984" kitobini oʻzbek tilida nashr qilingandan biroz oʻtib oʻqigandim. Nega chiqqani bilan emas? Chunki Asaxiy Books loyihasiga asos solinganda men ijtimoiy tarmoqlardagi barcha sahifalarimni oʻchirib tashlagandim, hatto telegram ham ishlatmasdim. Internet kirmasdim. Mana shunday hayotda ba'zi ijobiy yutuqlardan quruq qolishingiz mumkin, lekin bunday hayotning zarardan koʻra foydasi koʻproq. Xullas, kitobdan xabar topgach oʻqidim va unda oʻzimizni koʻrdim.

Antiutopiya, distopiya, xohlagan atamani ishlatishingiz mumkin, xullas shunaqa kitobda kelajakdagi eng rasvo jamiyat taxminan tasavvur qilinadi va bu oʻsha paytda qisman fantaziya deb qabul qilinadi. Ya'ni mubolagʻali, koʻpirtirilgan, haqiqatdan uzoq. Biroq Markaziy Osiyo xalqlarining peshonasi bir gektar, bechoralarning qismatiga distopiyalarning real namunasi boʻlish yozilgan.

Kitobni kecha qayta mutolaa qilganimda boshqa joyi eʼtiborimni tortdi, oldingi safar beparvo oʻqib ketgan ekanman. Unda "qoʻshfikr" degan atama bor. Bu bir-biriga toʻgʻri kelmaydigan ikkita faktga bir vaqtda ishonishni anglatadi. Masalan, siz har kuni pora olasiz, lekin ayni paytda oʻzingizni halol odam deb qattiq ishonasiz. Xohlagan odamingizdan soʻrang, ahmoqmisan deng, buzuqmisan deng, haromxoʻrmisan deng, hech biri ha, shundayman demaydi. Qoʻshfikr shunday narsaki, u birovning haqqini oʻmarayotgan paytida ham oʻzining halolligidan zarracha shubhalanmaydi. Hamma halol, lekin korrupsiya boʻyicha jahon reytingida yetakchilardanmiz. Hamma dindor, lekin ogʻzidan Alloh tushmaydiganlardan hushyor boʻlmasang ...ningniyam kesib ketishadi. Imomlar masjid minbaridan turib xalqni noshukurlikda ayblaydi, mol-dunyoga hirs qoʻymaslikka chaqiradi, lekin oʻzi 120 ming dollarlik mashinada yuradi, 150 ming dollarlik qasrda yashaydi. Uyingizda tok yoʻq, sovuq, lekin uchinchi renessans quryapmiz. Qoʻshfikrlilik – bir-biriga zid faktlar bir vaqtda haqiqiy boʻlishidir. Umuman olganda, mana shu kitobda siyosat, hokimiyat, xalq, boshqaruv apparati, kuch ishlatar tizimlar, propaganda kabi juda koʻp narsalar batafsil tushuntirilgan.

Kimdir kitob oʻqimoqchi boʻlsa birinchi navbatda shu kitobni oʻqishini xohlardim. Oruellning yana bir kitobi – "Molxona"ni oʻqing, "Ajib yangi dunyo", "Farangeyt"ni oʻqing, obrazli emas, gʻoyaning oʻzi bilan tanishmoqchi boʻlsangiz "Omma psixologiyasi", "Kuchsizlar kuchi"ni oʻqing, solishtirishga narsa kerak boʻlsa "Oq nilufarlar yurti"ni oʻqing.

Hukumatning butun mohiyati quyidagi iqtibosda qisman ifodalangan:
"Zero, agar hamma ta'minot va farogʻat imkoniyatiga ega boʻlsa, avval qashshoqlikdan laqma boʻlgan ulkan bir omma savod chiqaradi va mustaqil fikrlay boshlaydi; keyin bu odamlar erta yoki kech hokimiyatdagi imtiyozli ozchilik kerak emasligini tushunib qoladi va ularni tepadan irgʻitib yuboradi".

Oʻqing, faqat oʻqish bilan hech narsa boʻlmaydi, fikrlash kerak, sogʻlom fikr boʻlsa kitob oʻqimay turib ham hammasini anglash mumkin. Tushunganingizni boshqalarga ham tushuntiring. Hamma narsani tushunish, yolgʻiz oʻzing aqlli boʻlish yomon. Tasavvur qiling, qoʻlingizda olmos, qarshingizda esa mol turibdi. Molning oldida olmosga egalingiz hech qanday ahamiyat kasb etmaydi. Va yomoni mollar koʻpaygach va kuchga kirgach mol emasligingiz uchun oʻzingizga qiyin boʻladi.

@salimov_blogi