Get Mystery Box with random crypto!

​​Dunyoda harbiylarchalik ahmoq odam boʻlmasa keragov. Mana sh | The Stranger

​​Dunyoda harbiylarchalik ahmoq odam boʻlmasa keragov. Mana shu yetti yuz betlik kitobning markazida bitta soʻz turadi: Hindiston. Uch asr davomida Buyuk Britaniya Rossiyaning Hindistonga boʻlgan ehtimoliy xavfini bartaraf etish uchun yuzlab urushlar olib borgan, yuz minglab odamlar qurbon boʻlgan. Rossiya Hindistonga yaqinlashish va shunchaki xalqaro miqyosdagi obroʻsini saqlab qolish uchun ham shunday behuda janglar koʻp boʻlgan. Bu janglarda minglab qahramonliklar koʻrsatilgan. Ayni shu urushlardan ilhomlanib Pushkin, Lermontov, Tolstoylar asar yosgan. Lekin bunday oʻylab qarasa vatanparvarligi, qahramonligi uchun taqdirlangan harbiylar xoʻrozqand berib ovutilgan boladan farq qilmaydi. Eng tepadagi ochkoʻz, shuhratparast hukmdor urishgisi keladi, sen ahmoq esa vatan uchun jon beraman deb quvonib yurasan.

Shuningdek, hozirgi Rossiya-Ukrainaga oʻxshash holat oldin ham boʻlgan ekan. Ukrainaga rus qoʻshinlari kirgan vaqti dunyo bir qalqib ketdi, bu qadar qudratli qoʻshin Ukrainani bir kunda yoʻq qiladi, bu bilan tinchimay butun dunyoga xavf soladi, uchinchi jahon urushi boshlanadi deb oʻylashdi. Holbuki yaqinda bir yil boʻladi, urush hamon davom etyapti. Yigirmanchi asr boshlarida ham Rossiyaning qudratiga juda yuqori baho berilgan. Har safar Rossiya va Angliya urush yoqasiga kelganida dunyo bir qalqib tushgan, Angliya bu qadar katta urushga kirishdan hayiqqan. Yaponiya esa bir million muntazam, ikki million zaxira armiyaga ega Rossiyaga 270 ming kishilik qoʻshini bilan hujum qilib ham quruqlikda, ham dengizda Rossiya qoʻshini va flotini tit-pitini chiqarib tashlaydi. Qudratli Rossiya qoʻshini haqidagi tasavvur shunchaki illyuziya ekani fosh boʻladi. Ikki tomondan ham juda katta yoʻqotishlar boʻladi. Eng qizigʻi, bu ikkala tomon uchun ham vatan urushi emas edi. Rossiya xalqaro ta'sirini kuchaytirish uchun Xitoyga kiradi, Yaponiya esa bu ularning obroʻsiga zid deb hisoblaydi va urush.

Urush naqadar bemaʼniligini Remark ham barcha asarlarida ta'kidlaydi. Oʻsha davr yangiliklarda shunday xabar chiqqan: "Gʻarbiy frontda oʻzgarish yoʻq". Axir, qanaqasiga oʻzgarish boʻlmaydi? Har kuni jang davom etmoqda, yuzlab odam oʻlmoqda. Bu kitobda ham shunday jumlalar bor: ruslar atigi 200 kishilik yoʻqotish bilan qal'ani egalladi, inglizlar 20 tagina yoʻqotish bilan dushmanni yengdi va hokazo. Tarix uchun va siyosatdonlar uchun bu sonlar hech narsani anglatmaydi. Ammo oʻsha 20 tagina odam ham siz-u menga oʻxshagan odam, ularning ham hayoti, oilasi, sevganlari, orzulari bor. Remark aytganday, "Bechora oʻldi-ketdi, endi maktabda olgan beshlari nima boʻladi?"

Urush, kuch ishlatish ibtidoiylikka xos xususiyat. Shu bois ham harbiy sohalarga fikrlash qobiliyatidan mahrum, buyruqqa soʻzsiz boʻysunadiganlar tanlab olinadi. Oʻl desa oʻladigan, oʻldir desa oʻldiradigan ahmoqlar kerak tepadagilarga. Kuch ishlatar tizimlar oldin tashqi bosqinchilikka xizmat qilgan boʻlsa, endi mamlakat ichidagi intellektuallarni ta'qib qilish, xalqni qoʻrquvda ushlashda foydalaniladi.

@salimov_blogi