2021-12-31 21:52:40
YANGI YIL TILAGI
Yangi yil kelajak eshigin ochar,
Yangi yil orzular nurini sochar.
Umidlar uyg'onar, armonlar qochar,
Senda umr qolar qo'lin silkitib.
Yangi rejalarga to'lar har yoning,
Suvlar oqaverar oldga daryoning.
Bir yilga ulg'ayar umri dunyoning,
Menda hislar qolar qalbim to'ldirib.
Zamon oshiqmoqda manzili tomon,
Insonlar samoda uchmoqda hamon.
Kimlarga yer talash, kimlarga osmon,
Qorda izlar qolar sabring to'ldirib.
O'tayotgan kuning tarix kitobi,
Kutayotgan tuning tongning sarobi.
Sira to'xtamaydi vaqtning shitobi,
Yorni izlar ko'zing juda sog'inib.
Qirovlar qo'nganda daraxt shoxiga,
Olovlar so'nganda qishning ohiga.
Yalovlar tushganda dushman chohiga,
Oring qizlaringni asra ishqilib.
Samoni to'ldirib bulutlar suzar,
Ummon to'lqinida dovullar kezar.
G'iybatlar gohida dilimni buzar,
Zorim ezgulikni kelma qoldirib.
Har yer, har yerlarda urush nafasi,
Bolalarga sovg'a - hadik qafasi.
Endi kelaqolsin tinchlik bekasi,
O'tkinchi dunyoni holi qoldirib.
Mehr-oqibatdan qurimas ko'llar,
Mayli bog' bo'lmasa azaliy cho'llar.
Aslo og'rimasin xayrli qo'llar,
Iymonni qalblarga kelgin to'ldirib.
Ishq o'ti eritar muz yuraklarni,
Duoda aytamiz xush tilaklarni.
To'ldirsin oppoq qor bo'sh falaklarni,
Yangi yil xalqimga sog'lik olib kel!
Yangi yil olamga tinchlik bo'lib kel!
Hamid IKROM
Qo'qon universiteti talabasi
«Ўқитувчилар» каналига аъзо бўлинг ва барчага улашингhttps://t.me/joinchat/AAAAAEXdusfFSr9BIO9Q6w
2.5K views18:52