Get Mystery Box with random crypto!

​​Boqimuhammad Buxoro taxtiga o’tirgan bo’lsada, vaziyat hali | Ostonov Minbari

​​Boqimuhammad Buxoro taxtiga o’tirgan bo’lsada, vaziyat hali to’liq iziga tushib ulgurmagan edi. Bunday vaziyatdan foydalanishni istagan Shoh Abbos 1601-1602-yillarda Balx shahriga qarab yurdi. Aslida, Shoh Abbosning rejalarida Pirmuhammadni o’ziga vassal qilish istagi bo’lgan bo’lishi ehtimoli yuqori. Chunki, Bog’ishamoldagi jangda 10 ming kishilik qizilboshlar askari Pirmuhammad qo’shini tarkibida jang qilgan. Ammo Boqimuhammadxonning g’alaba qozonishi Abbos rejalarini chippakka chiqargan. Shu sababli ham u Movarounnahrni egallash maqsadida yana, hali yangi sulola kuchini yig’ib ulgurmasdan, katta qo’shin bilan Amudaryo tarafga qarab yuradi. Qizilboshlar qo’shini 120 mingdan ortiq edi.

Qo’shin Balxga qarab yurdi. Yo’lda Xurosonda to’xtagan Abbos Seiston maligiga chopar yuborib o’ziga da’vat etdi. Malik esa Mashhadga yetib kelib shoh xizmatiga kirdi. Qo’shin Balxga yetib borishi uchun turli xil yo’l qiyinchiliklariga duch kelishiga to’g’ri keldi. Baland tog’lar, qumli sahrolar ularga yetarlicha qiyinchilik tug’dirdi.

Safaviylarning Balxga qarab kelayotganini eshitgan Boqimuhammadxon 80 ming kishilik armiya bilan Amudaryodan kechib o’tib Balx shahri yaqinida mustahkam istehkom qurdi va shahar mudofaasini tashkil qildi. Balx shahri o’sha davr shaharlariga xos bo’lgan qalin mudofaa devori bilan o’ralgan edi. O’z navbatida devorni chuqur handaq o’rab turar, bu esa shaharga kirishni qiyinlashtirar edi. Boqimuhammad qo’shini esa handaqdan o’tmasdan, shahar darvozasi tashqarisida shahar himoyasini tashkil qildi.

Bunday himoya usuli qizilboshlarni ancha noqulay ahvolga tushirib qo’ydi. Natijada, ular uzoq vaqt Balxni qamal qilishlariga to’g’ri keldi. Qizilboshlar qo’shinida kasallik tarqalib minglab odamlar halok bo’ldi. Shuningdek, Buxoro qo’shinining zarbalari natijasida ham qo’shin ancha sarosimaga tushib qoldi. Afsuski, Balx jangi haqidagi batafsil ma’lumotlarni topishning imkoni bo’lmadi. Balki, qo’lyozmalarda saqlanib qolgandir. O’sha davr hodisalari haqidagi Muhammad Yusuf Munshiyning “Tarixi Muqimxoniy” asarining elektron shaklidan ham yetarli ma’lumot topishning imkoni bo’lmadi. Shu narsa aniqki, Balx qamali uzoq davom etgan va bu jangda qizilboshlar mag’lubiyatga uchrab, chekinishga majbur bo’lgan.

Mazkur g’alaba natijasida Buxoro o’z mustaqilligini saqlab qola oldi. Boqimuhammadxonning bu boradagi xizmatlarini esa e’tirof etish kerak. U nisbatan qisqa hukmronlik qilgan bo’lsada, Buxoroning barqarorlashishiga katta hissa qo’shgan.

@ostonovminbari