Get Mystery Box with random crypto!

​​1602-yilgi Balx jangi Markaziy Osiyo, xususan Buxoro xonlig | Ostonov Minbari

​​1602-yilgi Balx jangi

Markaziy Osiyo, xususan Buxoro xonligi tarixidagi eng muhim janglardan biri sifatida e’tirof etilishga loyiq janglardan biri bu 1602-yili Balx shahri yaqinida sodir bo’lgan Buxoro xoni Boqimuhammadxon va Safaviylar davlati hukmdori Shoh Abbos o’rtasidagi jangdir. Mazkur jangning ahamiyati shundaki, mazkur jangdagi g’alaba Boqimuhammadxonga Buxoro xonligining mustaqilligini saqlab qolishiga imkon bergan.

Ma’lumki, Buxoro xonligi Abdullaxon II davrida o’z qudratining cho’qqisiga erishgan. Ammo uning vafotidan keyin davlatda beqarorlik avj olib ketgan. Vaziyatdan foydalangan va doimiy ravishda Movarounnahrga bostirib kirishga qulay vaziyat kutib yurgan Safaviylar shohi Abbos janubdan Buxoro xonligi hududlariga bostirib kirdi. Shimoldan esa qozoqlar Tavakkalxon boshchiligida davlat hududiga bostirib kirib bir qator hududlarni egallab oldi. Jumladan, Turkiston, Sayram, Toshkent va Farg’ona qozoq xonligiga qo’shib olindi. Hatto, Samarqandgacha yetib kelgan qozoqlar Buxoroga ham hujumlar qildi. Ashtarxoniylar esa 1598-yilda Buxoroga qilingan hujumni qaytarishga muvaffaq bo’ldi hamda Samarqandni qaytarib olishga erishdi. Shayboniylar vakili Keldi Muhammad esa Toshkentda o’zini mustaqil deb e’lon qildi hamda o’z nomidan tangalar zarb qildirdi.

Shayboniylarning bunday vaziyatda Buxoro taxtiga Pirmuhammad II o’tirdi. Ammo uning yetarli darajada hurmat e’tibori yo’q edi. Bundan tashqari Shayboniylar xonadonidan taxtga loyiq bo’lgan erkaklar qolmagani sababli, Buxoro ulamolari, xususan Jo’ybor shayxlari Ashtarxoniylar sulolasining yetakchisi bo’lgan Jonimuhammad Sultonga Buxoro taxtini egallashni taklif qiladi. Ammo u o’z o’g’li Dinmuhammad foydasiga taxtdan voz kechadi. Dinmuhammad esa Safaviylar bilan janglarda vafot etgani sababli taxtga Boqimuhammad o’tiradi.

Ashtarxoniylar 1556-yilda Hojitarxon xonligining Ivan Grozniy tomonidan egallanishi ortidan Buxoroga kelgan edi. Jo’jixon naslidan bo’lgan mazkur sulolaning vakili Yormuhammad Hojitarxon Rossiya tarkibiga o’tgach Buxoroga, qarindoshlari bo’lmish Shayboniylar oldiga keladi. Xonadonning bir qismi esa Usmonli saltanatidan panoh topadi.

Shunday qilib, 1599-yilda Boqimuhammadxon Samarqandning Bog’ishamol mavzesida Pimuhammad II va Abbos tomonidan yuborilgan safaviylarning birlashgan qo’shini ustidan g’alabaga erishadi. Asir olingan Pirmuhammad qatl etiladi. Shu tariqa Buxoroda yangi sulola hukmronligi boshlanadi.

@ostonovminbari