Get Mystery Box with random crypto!

Turkiyaning mashhur telekanallaridan birida bir tarixchi Turki | Ostonov Minbari

Turkiyaning mashhur telekanallaridan birida bir tarixchi Turkiya jumhuriyatining tamal toshlarini Dandanakon jangi bilan bog’laganini guvohi bo’lgan edim. Aslida, bugun ba’zi bir davlatlarda davlatchilik tarixini uzoq o’tmishga bog’lash an’anaga aylangan. Bu ham o’ziga xos yo’nalish hisoblanadi.

Ma’lumki, bugungi Turkiya hududi bo’lmish Kichik Osiyoga turklar ilk o’laroq X-XI asrlardan ko’chib borishni boshlagan va u yerda o’z davlatlrini qurishgan. Dastlab kichik qabila birliklari tarzida, keyinchalik esa Buyuk Saljuqiylar imperiyasi zaiflashgach, Onado’li Saljuqiylari yoki Konya Saljuqiylari o’laroq davlat tuzishgan. Ular qayerdan borgan? Ular markazi Isfahon va keyinchalik Marv bo’lgan Xurosondagi Buyuk Saljuqiylar imperiyasidan ko’chib borgan Saljuqiylar xonadoni vakillaridir. Xo’sh, Xurosonda Saljuqiylar qachondan davlat qurdi?

Xurosondagi Buyuk Saljuqiylar davlatining qurilishi 1040-yilda yuz bergan Dandanakon jangiga borib taqaladi. Mazkur jang G’aznaviylar va Saljuqiylar o’rtasida bo’lib o’tadi va unda Saljuqiymarning qo’li baland kelib, Xuroson tamomila G’aznaviylardan tortib olinadi. G’aznaviylar qo’lida esa bugungi Afg’oniston va Shimoliy Hindiston qoladi. Quyida Saljuqiylar Xurosonga qanday kelib qolganiga ham e’tibor qarataylik.

X asrda og’uzlarning qiniq qabilasidan bo’lgan Duqoq Beyning o’g’li Saljuqbey dastlab Hazar xonligida, keyinchalik esa Og’uz Yabg’u davlatining poytaxti bo’lgan Yangikent shaharlarida faoliyat yuritadi. O’ziga bog’liq bo’lgan birliklar va oilalar bilan birgalikda musulmonlar yashaydigan Sirdaryo bo’ylaridagi Jand shahriga qarab ko’chadi. Sababi, uning o’zi ham oilasi musulmon dinini qabul qilgan edilar. Bu paytda Jandda musulmon g’oziylar to’plangan edi. Bu yerdan turib u bir qator g’azotlarda qatnashadi. Shu davrlardan boshlab, ba’zi manbalarga ko’ra, islomga kirgan og’uzlar boshqalardan ajralib turishlari uchun o’zlariga turkman degan nom olishadi. XIII asrdan boshlab esa, og’uz nomi o’rniga turkman nomi ishlatila boshlandi.

Saljuqbeyning Mikoil Yabg’u, Arslon Yabg’u, Muso Yabg’u, Yusuf Yabg’u ismli to’rt og’li bor edi. Jand shahri Og’zu Yabg’u davlatiga bo’ysinuvchi shahar edi va davlatga o’lpon to’lab borardi. Ammo, Saljuqbey musulmonlarning g’ayrimusulmonlarga o’lpon to’lashini qabul qilmadi va o’zini mustaqil deb e’lon qildi hamda musulmon bo’lmagan o’guzlarga qarshi g’azotlar tashkil etdi. Mana shu janglardan birida o’g’li Mikoilni yo’qotdi. Undan qolgan ikki o’g’il To’g’rulbey va Chag’ribeylarni o’z qaramog’iga oldi.

Bu orada Movarounnahrda Somoniylarning zaiflashuv vaqti yaqinlashgan, Qorahoniylar Buxorogacha yaqinlashib kelar edi. Mazkur mujodalalarda Saljuqbey Somoniylarga yordam berdi. Bug’roxonga qarshi kurashda g’alabaga erishgan Somoniy hukmdor Nuh II Saljuqiylarga yurt o’laroq Nur qal’asi (Nurota shahridagi qal’a xarobalari hozir ham bor)ni beradi. Bu yerda Saljuqbeyning ikkinchi o’g’li Arslon Yabg’u qo’mondon bo’ladi. Keyinchalik saljuqiylarning va bir qator turkman qabilalarining Xurosonga borishlari hamda Kavkaz va Kichik Osiyoga ko’chib borishlari aynan Nur qal’asidan amalga oshiriladi. Bu orada Arslon Yabg’u bir muddat Buxoroni ham, Xorazmni ham egallab idora qiladi. Ammo, Mahmud G’aznaviy va Qorahoniylar o’rtasidagi ittifoq sabab Nurdan chekinib cho’llarga chiqib ketadi. Bular haqida vaqti kelsa batafsil to’xtalamiz.