Get Mystery Box with random crypto!

O'zbekistonning tashqi qarzi 2021 yilda 39.6 mlrd AQSh dollarn | Numberspeaks

O'zbekistonning tashqi qarzi 2021 yilda 39.6 mlrd AQSh dollarni tashkil etgan bo'lib, uning 23.7 mlrd AQSh dollari davlat qarzi va 15.8 mlrd AQSh dollari esa xususiy qarzdir. O'zbekistonning umumiy tashqi qarzi YaIMning 56.7% ini tashkil qilgan bo’lib shundan davlat va xususiy tashqi qarz mos ravshda YaIMning 34% va 22,6% qismiga tengdir. Xususiy tashqi qarz tarkibida davlat ulushi juda yuqori bo'lgan bank sohasi 7,3 mlrd AQSh dollari, neft, gaz va energetika sohasi 5 mlrd AQSh dollari miqdorida tashqi qarz jalb qilgan.

Davlat tashqi qarzi haqida gapirilganda, mansabdorlar tomonidan tashqi qarz xavfli emasligi, rivojlanayotgan davlatlar uchun YAIMning 60% i dan oshmaslik tavsiya etilishi, umuman ba’zi davlatlar qarzi YAIM ining 200% dan ham yuqori ekanligini aytib o'zlariga nisbatan bosimlarni pasaytirishga harakat qilishadi. Bu gaplar qanchalik asosli ekanligi haqida gaplashsak. 60% lik me’yor aslida shunchaki tavsiya bo'lib, hech qanday jiddiy hisob-kitoblarga asoslanmagan. Qisqa qilib aytganda bu texnik chegara emas, balki ko'proq psixologik chegaradir.

Ikkinchi eng ko'p ishlatiladigan argument ba’zi davlatlarning, davlat tashqi qarzlari YAIMi ning 200% dan ham ortiqligi. Bu ma’lumotlar haqiqat ammo rivojlangan davlatlar va rivojlanayotgan davlatlarning qarz masalalari bir-biridan keskin farqlanadi. Rivojlangan davlatlar tashqi qarzlarini milliy valyutasida jalb qiladi, nazariy jihatdan shunchaki pul emmisiya qilish yo'li bilan qarzlardan qutilish mumkin.

Umuman, rivojlanayotgan davlatlar tashqi qarz olishga moyil bo'ladilar, tashqi qarz davlatga, qisqa muddatlarda soliqlari oshirmasdan turib katta xarajatlarni, islohatlarni amalga oshirish imkoniyatini beradi, bu hukumatning legitimligini oshiradi. Eng muhim jihati esa olingan qarzlarning muddati 15 yoki 25 yil bo'lsa, qarz yuzaga keltiradigan muammolar ham shu davr ichida yo'q bo'lib ketadigandek ko'rsatishadi, aslida unday emas. Tashqi qarzlarni qaytarish byudjet defitsitini yuzaga keltiradi va defitsitni to'ldirish uchun ham tashqi qarz jalb qilinadi bu amalda qo'llanilmoqda, xozirda budjet defitsitning katta qismi tashqi qarz evaziga to'ldirilmoqda.

Lekin keyingi jalb qilinayotgan qarzlar kattaroq foizlarga beriladi chunki mamlakat qarzi oshgan sari, qaytarish imkoniyati pasayib boradi va o'z navbatida qarz beruvchilar yuqori risk sharoitida yuqori foizli kreditlar taklif etadilar. Xulosa qilinadigan bo'lsa, eng uzoq muddatli davlat qarzi hozirda 25 yil bo'lsa, qarzlarni qaytarishga undan ko'ra anchagina ko'proq vaqt talab qilinishi mumkin va buyog'iga eng muhtoj holatlarda ham olinadigan tashqi qarzning narxi oshib boradi.

@numberspeaks