Get Mystery Box with random crypto!

'Yo'lovchi, yo'l yo'qdir; yo'l yurish orqali paydo bo'ladi'. | NeoJadid

"Yo'lovchi, yo'l yo'qdir; yo'l yurish orqali paydo bo'ladi".

Mening aybli rohatlarimdan biri "self-help" (jihod) janridagi kitoblarni o'qib turishimdir. Men bu janrni bekorga o'qimayman, albatta. Qachondir men bilmagan biror olamshumul maslahat yoki texnikani shu kitoblarda kashf qilaman-u, hayotim darhol o'z o'rniga tushadi, hammasi okay bo'lib ketadi degan maxfiy orzu mavjud. Lekin, muallif Oliver Burkeman'ning bugungi kolonkasi, bu orzuni chil-parchin qildi.

"Bizning barcha harakatlarimiz bir kunmas, bir kun uzil-kesil najot topishga qaratilgan. Biz, o‘zimiz uchun muhim deb bilgan biror ishni qilmoqchi bo‘lganimizda doimo hamroh bo‘ladigan zerikish, qo‘rquv yoki o‘zimizga ishonchsizlikdan xalos qiladigan bir inson yoki hayot falsafasini qidiramiz. Biz yoqimsiz voqelikdan nafratlanib, o‘rniga muammolardan xoli bo‘lgan dunyoni orzusida yashaymiz. Sifatsiz o‘z-yordam janridagi maqola yoki kitoblarning, gurularning alomati ham shunda: ular sizni aynan shu maqola yoki kitobdagi maslahatga, guruning nasihatiga quloq solsangiz, muammolaringiz uzil-kesil hal bo‘lishiga ishontirishadi.

Siz dangasa yoki loqayd bo‘lganingiz uchungina bunday oson yo‘llarni qidirmayapsiz, albatta. Aksincha, oldingizda turgan vazifaga (oilani tebratish, biznes boshlash yoki kasb o'rganish, karyera qilish, farzand tarbiyasi, ibodat va hokazo, nima bo‘lishidan qatʼiy nazar) o‘zingizni noloyiq va noqobil deb bilganingiz uchungina siz biror moʻjizaviy texnika, boshqalardan ustunlik yoki kitobdan qandaydir sirli maslahatga muhtojman deb o‘ylaysiz. Aslida boshqalar ham xuddi siz kabi no‘noq va noqobil bo‘la turib, harakat qilayotganidan, siz ham doimo ortga tashlab kelayotgan vazifalarni — masalan, dasturchi bo‘lmoqchi bo‘lsangiz, bir-ikki soat kod yozishni. ardoqli turmush o‘rtoq yoki ota-ona bo‘lish uchun qo‘ldan kelgancha aynan bugun oilaga vaqt ajratishni, va hkz — shunchaki qo‘lingizdan kelganicha qilishingiz kerakligidan bexabarsiz.

Aynan shu daqiqada, ichki tanqidchingiz bo‘yinbog‘dan yechilib ketib, sizni koyishi boshlashi mumkin: "Oson yo‘llarini qidiraverasanmi! Ishla undan ko‘ra! Just do it! Ko‘tni stulga qo‘yib, yoz kodingni. Bekorchi bo‘lma va hokazo, hokazo". Lekin o‘zingizga nisbatan bunday beshavqat bo‘lishingiz shart ham emas. Shunchaki, oldingizda turgan, bosilib o‘tishi kerak bo‘lgan, mavhum va baʼzan bezovtalik, qiyinchilik bilan bog‘liq yo‘lni shunchaki bosib o‘tishdan boshqa iloj, muqobillik yo‘qligini o‘zingizga eslatib tursangiz, kifoya.

Hozirda esa sizga ikkita xabar bor, biri yaxshi, ikkinchisi yomon. Yomon xabar shundan iborat-ki, dunyoda siz hali kashf qilmagan, lekin kashf qilsangiz barcha muammolaringiz oson hal bo‘ladigan yagona bitta moʻjizaviy sir yoki texnika, dunyoqarash mavjud emas. Boshqa birov ham sizga bunday texnika yoki dunyoqarashni tavsiya qilolamydi. Yaxshi xabar esa, siz bunday sirli texnika yoki maslahatga aslida muhtoj ham emassiz. Allaqachon sizda mavjud ichki resurslarning o'zi kifoya qiladi ishni boshlash uchun."

Shu nuqtada Burkemandan iqtibos tugadi. Self-help janrini kuzatganlar ohirgi yillarda undagi manzara o'zgarayotganini sezgandir. Avvalgi yengil va yuzaki maslahat va layfhaklardan hayotga falsafiyroq qarashga o'tilmoqda. Natijada bu janr asta-sekinlik bilan tasavvufga yaqinlashmoqda (lekin tasavvufdagi teranlikka hali ancha bor).