Get Mystery Box with random crypto!

QIZIM MAʼSUDAGA Ona qizim, boshingga Oftob boʻlsin chambarak, | MUHAMMAD YUSUF SHE'RLARI

QIZIM MAʼSUDAGA

Ona qizim, boshingga
Oftob boʻlsin chambarak,
Bir oʻgʻilning onasi
Boʻlganliging muborak.

Jonim bolam, jonimdan
Uzatgandim men seni.
Ming xavotir dard bilan
Kuzatgandim men seni.

Sen bilmassan, menga shoh
Ertak boʻldi Biloling.
Qiynalgan bu jonimga
Tirgak boʻldi Biloling.

Buguncha u beshikda
Shirin xayol suradi.
Ishonaman, ertaga
Qoʻltigʻimga kiradi.

Qutlugʻ boʻlsin yorim deb,
Qoʻllaridan tutganing.
Onangdan ham mehribon
Onazoring topganing.

Baxtin tilab yashardim,
Titib yeru osmonni.
Panohingga topshirdim,
Egam, qoʻshaloq jonni.

Ona qizim, boshingga
Oftob boʻlsin chambarak,
Bir ogʻilning onasi
Boʻlganliging muborak.

Muhammad Yusuf

T.me/Muhammad_Yusuf_ijodi