Get Mystery Box with random crypto!

ILTIJO Ertagim choʻzildi, mening ertagim... Ertaga endi bu du | MUHAMMAD YUSUF SHE'RLARI

ILTIJO

Ertagim choʻzildi, mening ertagim...
Ertaga endi bu dunyodan oʻtsam,
Hayot, azizim, sen xafa qilmagin,
Mening shiringina qizlarimni ham.

Koʻnglimdan toʻkilgan kuylar nimadir,
Alvon qoʻshiqlarim oʻchar izimdan.
Yozgan kitoblarim - qogʻoz kemadir,
Men ketsam, ular ham koʻchar izimdan.

Kulga koʻmdim oltin fursatlarimni,
Endi bir kun faqat dadil va oʻktam,
Shoirchalar qilsa gʻiybatlarimni,
Balki, biron kimsa eslar meni ham.

Eslamasa nima, men bir toʻpori,
Qishloqi soʻzbozni, osmon yiqilmas.
Urib turgan qalbning tirikdir zori,
Toʻxtaganidan soʻng yurak siqilmas...

Men sening boringga boʻldim parvona,
Sahrolaring kezib toldi tovonim.
Kiprigim oldida turibdi, mana,
Tovusday tovlanib oxir dovonim.

Ertagim choʻzildi, mening ertagim,
Tongni koʻrolmasdan dunyodan oʻtsam,
Hayot, yolgʻizim, sen xafa qilmagin,
Mening shiringina qizlarimni ham!

Muhammad Yusuf

T.me/Muhammad_Yusuf_ijodi