Get Mystery Box with random crypto!

​​ Esnash Shaytondan. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivo | Qur'on Mo'jizalari 🔍

​​ Esnash Shaytondan.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Alloh aksa urishni xush ko‘radi, esnoqni esa xush ko‘rmaydi. Aksa urib, Allohga hamd aytsa («Alhamdulillah» desa), tashmit aytish («Yarhamukalloh» deyish) uni eshitgan har bir musulmonning zimmasiga haqdir. Esnoq esa faqat shaytondandir. Kishi qo‘lidan kelganicha uni qaytarsin. Qachon «Hooh», desa, shayton uning ustidan kuladi».Buxoriy rivoyat qilgan.

• Esnash kishining jismi va ruhi og‘irlashgani, xiralashgani alomatidir. U hech qachon yaxshilik alomati bo‘lishi mumkin emas. Shuning uchun musulmon kishi iloji boricha o‘zidan esnoqni qaytarishi kerak bo‘ladi.

• Esnashni hamma xalqlar ham yaxshi narsa deb bilmaydilar. Esnash eng kamida dangasalikning alomatidir. Nabiy sollallohu alayhi vasallam esa uni «shaytondandir», demoqdalar. Shuning uchun esnoqni doimo, ayniqsa namozda qaytarishimiz kerak. Bo‘lar-bo‘lmasga esnayverib, shaytonning kulgisiga qolmasligimiz lozim.

• Mashhur alloma Ibn Hajar rahmatullohi alayhi o‘zining Sahihi Buxoriyga yozgan «Fathul Boriy fiy sharhi Sahihi Buxoriy» nomli kitobida biz o‘rganayotgan hadisi sharifning sharhida Xattobiy rahmatullohi alayhidan quyidagilarni keltiradi:

• «Ikkisidagi (aksa urish va esnashdagi) yaxshi va yomon ko‘rishning ma’nosi ularning sababiga qaytadi. Aksa urish badanning yengilligi, burun teshiklarining ochiqligi va haddan tashqari to‘yib yemaganlik alomatidir. U esnashning teskarisidir. Chunki esnash badan illatga to‘lgani va uning og‘irlashgani alomatidir. Esnash aralash-quralash qilib ko‘p yeyishdan kelib chiqadi. Aksa urish kishini ibodatga g‘ayratli qiladi. Esnash esa uning aksidir».

• Hozirgi davrdagi tibbiyot mutaxassislari esnash bosh miyaning kislorodga, jismning g‘izoga hojati borligining alomatidir, deydilar. Nafas olish a’zolari bosh miya va jismga kislorod yetkazib berishda kamchilikka yo‘l qo‘ysa, esnash boshlanadi. Bu holat ko‘proq uyqusirash, o‘zidan ketish va o‘limdan oldin bo‘ladi.

Esnash og‘iz orqali chuqur nafas olishning bir turidir. Aslida og‘iz chuqur nafas olishning tabiiy yo‘li emas. Chunki u burunga o‘xshab, nafas orqali olingan havoni tozalash jihoziga ega emas. Shuning uchun esnash paytida og‘iz katta ochilganda va chuqur nafas olish ila havo ichga tortilganda havoga qo‘shilib turli g‘ubor va mikroblar odamning ichiga kiradi.

Shuning uchun ham Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallam iloji boricha esnashni qaytarishga va og‘izni o‘ng qo‘lning kafti yoki chap qo‘lning orti bilan to‘sishga irshod qilganlar.

• Aksa urish esa esnashning aksidir. U to‘satdan keladi va kuchli bo‘ladi. Uning sababidan havo o‘pkadan burun va og‘iz orqali kuch bilan chiqadi. U o‘zi bilan birga yo‘lida turgan havo, mikrob va boshqa narsalarni ham olib chiqadi. Shuning uchun ham aksa Rohmandan bo‘lishi tabiiydir, chunki unda jism uchun foyda bordir. Esnash esa shaytondandir, chunki unda jismga zarar bordir.

Shuning uchun ham aksa urgan odamga Alloh taologa hamd aytish, esnagan odamga esa shaytondan panoh tilash lozim bo‘ladi.

“Qur'on va Sunnatdagi ilmiy mo'jizalar” kitobidan


@miracles_of_quran