Get Mystery Box with random crypto!

14-mavzu AMIR TEMUR – MA’NAVIYAT VA MA’RIFAT HOMIYSI Sohibq | MA'RIFAT DARSI | МАЪРИФАТ ДАРСИ

14-mavzu
AMIR TEMUR – MA’NAVIYAT VA MA’RIFAT HOMIYSI



Sohibqiron Amir Temur buyuk sarkarda, zakiy davlat arbobi bo‘lish bilan birga, zamonasining benazir dahosi, ulkan qobiliyat va iste’dod egasi hamda ilm-fan va madaniyatning homiysi edi.

U yoshlik chog‘laridanoq, sharq tarixi, falsafa, adabiyot va san’at, islom dini va uning odob-axloqqa oid muqaddas ta’limotiga mustahkam e’tiqod bilan qaragan. Shu bilan birga, handasa, falakiyot, mantiq, fiqh, ilohiyot, tarix, jug‘rofiya va tibbiyot ilmlarini puxta o‘zlashtirgan. Shuningdek, o‘z zamonasining rasmiy uch tili, ya’ni, turk, fors va arabchani mukammal bilgan. Sohibqironning shijoatli ruhida ilm va uning ahliga hurmat-u e’zoz kuchli bo‘lgan.

Buyuk bobokalonimizning naqshbandiya tariqatining asoschisi Xoja Bahouddin va u yaratgan ta’limotga ixlosi baland edi. Shu bois u Xoja Shamsuddin Kulol, Mavlono Zaynuddin Abu Bakr Toybodiy, Sayyid Amir Kulol va Mir Sayyid Baraka singari ulug‘ diniy allomalarni o‘ziga pir deb bilgan, ularning ma’naviy-ruhiy madadlaridan, ta’limotlaridan doimo mislsiz kuch-quvvat olib kelgan.

Amir Temur ulamo va fozillarga izzat-ikrom ko‘rsatib, boshqalardan ustun va ulug‘, deb sanagan. Diniy arboblar, ulamo va shayxlar bilan mazmunli bahslar yuritgan, martabalarini har doim oshirib, sovg‘a-salomlar hadya etib kelgan.

Islom dinini, shariat qonun-qoidalarini xurofot, bid’at, mutaassiblik, johillik, razolat, shakkoklik, diyonatsizlik kabi illatlardan astoydil himoya qilgan. Ulug‘ ajdodimiz diniy ilmlar bilan birga, dunyoviy ilmlarni ham puxta o‘zlashtirdi. Ilm-fan va madaniyatning u xabardor bo‘lmagan biron-bir sohasi bo‘lmaganligiga uning keng qamrovli, mazmunan nihoyatda chuqur «Temur tuzuklari» ham misol bo‘la oladi.

Eng muhimi, Amir Temur buyukligining zamirida uning ma’naviy sifatlari yotadi. Sohib¬qiron bobomizning ma’naviy, diniy-axloqiy, ijtimoiy-falsafiy qarashlari markazida islom ta’limoti, Qur’oni karim, Hadisi sharif, tavhid, tafsir, fiqh, tasavvuf ilmi va falsafasi turganligi ayni haqiqatdir.

Shuningdek, u o‘z millati madaniyati, tarixi, urf-odatlari, an’analari, milliy qadriyatlarini chuqur bilganligi va astoydil hurmat qilganligi haqida aniq ma’lumotlar keltirilgan. Ayniqsa, qadimiy Turon va Turkiston xalqlari davlatchiligi masalasida keng bilim va ma’lumotlarga ega sanalgan. Shu sababli ham buyuk vatando¬shimiz mislsiz yorqin tarixiy shaxs sifatida o‘zini tarbiyalagan, o‘ziga ma’naviy oziq bergan, ulkan ishlarga chorlagan el-yurtining ilmiy-falsafiy ta’limotlariga katta qiziqish bilan qaragan. Sharq donishmandlari hisoblanmish Al-Xorazmiy, Abu Nasr Forobiy, Abu Ali Ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy kabi ulug‘ mutafakkirlarning tabiiy-ilmiy, ijtimoiy-siyosiy, falsafiy ta’limotlaridan to‘liq xabardorligi bugun hech kimga sir emas.

Sohibqiron Sharqona an’¬analarga sodiq qolib, doimo olimlar, faylasuflar, tabiblar, munajjimlar, muhaddislar, hokimlar, amirlar, vazirlar, mashhur va taniqli san’at ustalari, turfa kasb egalari bilan kengashib, ularning maslahatlarini olib, ish yuritgan.

Olim-u fuzalolar, diniy ulamo va allomalar boshini doimo silab turganligi bois, firdavsmonand poytaxt Samarqand jahon ilm-fani va madaniyatining gultoji hisoblangan faylasuflar, fiqhshunoslar, tarixchilar, musiqashunoslar, munajjimlar, muhaddislar, mutasavvuflar maskani hisoblangan. Mavlono Abdumalik, Sayyid Sharif Jurjoniy, Hoji Muhammad Zohid Buxoriy, Mavlono Ahmad, Nizomiddin Shomiy, Hofizi Abru, Ibn Arabshoh, Sa’diddin bin Umar Taftazoniy va boshqa allomalar Amir Temur rahnamoligida unumli ijod qilib, ilm-fan va madaniyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan. Mazkur dalillar Amir Temurning dunyo¬qarashi, din, odob-axloq, madaniyat, ma’naviyat, ma’rifat haqidagi fikr va mulohazalari asossiz paydo bo‘lmaganligidan darak beradi.