Get Mystery Box with random crypto!

Dunyoning boshqa davlatlari qatori, Hindistonda ham Ulug‘bekni | MA'RIFAT DARSI | МАЪРИФАТ ДАРСИ

Dunyoning boshqa davlatlari qatori, Hindistonda ham Ulug‘bekning ilmiy merosiga katta qiziqish bilan qaralganligini ko‘rish mumkin. Jumladan, Boburiy Muhammadshohning farmoyishi bilan XVIII asrning birinchi yarmida astronom Savay Jay Sinx tomonidan Jaypur, Banoras va Dehlida rasadxona barpo etilib, unga Samarqanddagi astronomiya maktabi uskunalaridan andaza olishgan.

Mirzo Ulug‘bek davrida Samarqand astronomiya maktabining olamshumul yutuqlari Xitoy astronomiyasining rivojlanishiga ham kuchli ta’sir ko‘rsatgan. Iyezuit monax, olim Antuan Gobil (1689–1759) Xitoy astronomiyasi haqida: «Bu sohada Xitoylar nimani bilgan bo‘lsa, ularning barchasi g‘arbdan Samarqand tomonidan kelgan» deya ta’kidlagan edi.

Xitoy orqali Samarqand astronomiya maktabining yutuqlari Koreyada ham tarqalgan bo‘lib, 1432-yilda mazkur davlat qiroli Yi Do Xitoy orqali Samarqand astronomiya maktabi bilan tanishadi. Shu tufayli Ulug‘bek maktabining an’analari Koreyada ham rivojlanadi. Ali Qushchi 1470-yili Istanbulga boradi va u yerda ham Ulug‘bek il¬miy maktabining natijalarini keng ommaga targ‘ib qiladi.

Mirzo Ulug‘bek «Ziji», eng avvalo, musulmon mamlakatlarida astronomiya fani rivojiga ulkan hissa qo‘shgan. «Ziji Ko‘ragoniy» asariga eng mukammal sharh eronlik munajjim va riyoziyot olimi Nizomiddin Birjandiy tomonidan 1523-yilda yozilgan «Sharhi Ziji Ulug‘bek»dir. Qohiralik munajjim Muhammad Al-Misriy (XVI asr) Mirzo Ulug‘bek «Ziji»ni osonlashtirish uchun «Tashil Ziji Ulug‘bek» nomli asar yozadi va uning jadvallarini Qohira kengliklariga moslashtiradi.
Shu o‘rinda keltirib o‘tish joizki, Ulug‘bek «Ziji Ko‘ragoniy»dan tashqari, matematika faniga bag‘ishlangan «Risolai Ulug‘bek» hamda tarix sohasiga bag‘ishlangan «Tarixi arba’ ulus» («To‘rt ulus tarixi») asarining muallifidir. Shuningdek, u she’rlar ham ijod qilib barchaga namuna bo‘lgan.

Istiqlol yillarida Mirzo Ulug‘bekning hayoti va faoliyatini o‘rganishga bo‘lgan e’tibor yanada kuchayib, Samarqand, Buxoro, G‘ijduvon kabi tarixiy shaharlarimizda uning nomi bilan bog‘liq me’moriy obida va qadamjolar obod qilindi. O‘zbekiston milliy universiteti, Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti va boshqa bir qator ta’lim muassasalariga uning nomi berildi. Shuningdek, xalqaro ilmiy ahamiyatga ega bo‘lgan Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida joylashgan kuzatuv kenglik stansiyasi hamda Fanlar aka¬demiyasining Astronomiya instituti ham Mirzo Ulug‘bek nomi bilan ataladi. Poytaxtimizning yirik Mirzo Ulug‘bek tumanida ham uning haykali o‘rnatildi. Mamlakatimiz va Parijdagi YUNESKO qarorgohida 1994-yili Ulug‘bek tavalludining 600 yilligi katta tantanalar bilan nishonlandi. Birlashgan millatlar tashkiloti tomonidan 2009-yilni «Astronomiya yili» deb e’lon qilinishi Mirzo Ulug‘bek tavalludining 615-yilligini Samarqand va Parij shaharlarida yuqori darajada o‘tkazilishiga sabab bo‘ldi.

Muxtasar qilib aytganda, millatimiz faxr-iftixoriga aylangan bobokalonimizning boy ma’naviy merosini chuqur o‘rganish va targ‘ib qilish avlodlar zimmasidagi zalvorli vazifadir.

Mixli SAFAROV,
o‘z muxbirimiz.


Телеграмда ўқинг / Telegramda o'qing

Ворд шаклида ўқинг / Word shaklida o'qing

ПДФ шаклида ўқинг / PDF shaklida o'qing

Кирилл алифбосида ўқинг / Kirill alifbosida  o'qing

Рус тилида ўқинг / Читать по русски

2024 йил барча мавзулар /  2024 yil barcha mavzular