Get Mystery Box with random crypto!

13-mavzu MIRZO ULUG‘BEK – BUYUK OLIM VA DAVLAT ARBOBI U hukm | MA'RIFAT DARSI | МАЪРИФАТ ДАРСИ

13-mavzu
MIRZO ULUG‘BEK – BUYUK OLIM VA DAVLAT ARBOBI


U hukmdor sifatida Movarounnahrning har tomonlama rivojlanib, ilmiy va madaniy markazga aylanishiga katta e’tibor qaratdi. Matematika va astronomiya fanining eng yorqin vakillarini chaqirib, Samarqandda rasadxona qurishga farmon berdi.

Natijada 1424–1428-yillar oralig‘ida Samarqandning shimolidagi Obirahmat arig‘i bo‘yida dunyoga mashhur rasadxona bunyod etiladi. Uning qurilishida o‘z davrining mashhur olim va me’morlaridan Qozizoda Rumiy, G‘iyosiddin Jamshid, Muhammad Ali Qushchilar ishtirok etishadi.

Abdurazzoq Samarqandiy ushbu nodir obidaning ichki qismini quyidagicha tasvirlaydi: «Binoning ichki qismi jahonda tengi yo‘q rang-barang naqshlar bilan bezatilib, devor va shiftlarida osmon darajalari, daqiqalari, hatto soniyalarigacha hisoblanib, yetti sayyora hamda «harakatsiz» yulduzlar, shuningdek, yer kurrasi, yetti iqlim, tog‘-u sahrolar va daryo-yu dengizlar hamda ummonlargacha tasvirlangan».

Buyuk bobokalonimiz davlatni boshqarishda ham adolatning ustuvorligiga alohida e’tibor bergan. Bu yerda istiqomat qilayotgan xalqning doimo farovon hayot kechirishi to‘g‘risida bosh qotirib, dehqonchilik, savdo-sotiq va madaniy hayotning gullab yashnashiga oid maxsus farmonlar chiqargan. Xususan, Oqsaroyni qayta ta’mirlab, Movarounnahrda yer solig‘ini kamaytirgani buning yaqqol dalilidir.

Chakana savdoning rivoj¬lanishi uchun 1428-yilda pul islohoti o‘tkazib, bir qator qulayliklar yaratdi. Bundan tashqari, 1417–1420-yillar Samarqandda, 1432-yil Buxoroda, 1432–1433-yillarda esa G‘ijduvonda madrasalar qurdirdi.
Buxorodagi madrasa eshigining peshtoqiga «Ilm olishga intilish har bir muslim va muslima uchun farzdir» degan hadisning bitilishi g‘oyat muhim ahamiyatga egadir. Ushbu madrasada o‘qish muddati 8 yil etib belgilanib, undagi talabalarga oylik maosh va «ulfa» deb ataluvchi maxsus to‘lov amalga oshirilgan.

Ulug‘bek qariyb qirq yil mobaynida Movarounnahr diyorining donishmand hukmdori sifatida xalqning azaliy orzusi sanalgan tinchlik, totuvlik, ilm-fan va madaniyatni taraqqiy toptirish yo‘lida ulkan shijoat va matonat ko‘rsatdi. Uning maktabiga mansub olimlarning aniqlagan ma’lumotlari ulardan bir necha asr oldin yashab o‘tgan buyuk allomalar erishgan natijalar bilan solishtirilganda, o‘ta aniqligi bilan ajralib turadi. Ekliptika og‘maligi, yulduz yilining hisobi, sayyoralarning yillik hisobini aniqlash kabi masalalar shular jumlasidandir.

Ulug‘bekning yulduzlar katalogi 1690-yili polyak olimi Yan Gaveliyning (1611–1687) «Astronomiya darakchisi» nomli asarida nashr etilgan. Bu asarda Mirzo Ulug‘bek besh astronom Ptolemey, Tixo Brage, Jovanni Richcholi, Vilgelm IV va Yan Gaveliy davrasida to‘garak stoli atrofida astronomiya ma’budasi Uraniyaning o‘ng tomonida o‘tirganligi tasvirlangan.

Uning o‘rindig‘i orqasidagi «O‘z ishimni munosib avlodla¬rimga qoldirdim» degan so‘zlarga guvoh bo‘lish mumkin.

Mirzo Ulug‘bek «Ziji»ning Yevropadagi ilk nashri Oksford universiteti professori Jon Grivs tomonidan amalga oshirilgan. U mazkur asarga sharh yozib, uning bir qismini 1648-yilda chop etadi. Gurjiston podshosi Vaxtand VI esa ushbu asarni 1724-yilda fors tilidan gruzinchaga tarjima qildiradi. Grinvich observatoriyasining birinchi direktori J. Flemstid ham 1725-yilda o‘zining «Osmon tarixi» nomli kitobida uni chop etadi.

Peterburg akademiyasining birinchi akademik-astronomi Jozef Nikola Delil o‘z faoliyatining ilk kunlaridan boshlab, «Ziji Ko‘ragoniy»ni lotin tiliga tarjima qilib, 1739-yilning 25-iyunida mazkur akademiyada fransuz tilida ma’ruza so‘zlagan. Italiyalik astronom Jovanni Richchioli 1651-yilda oydagi kraterlarni qadimda yashab o‘tgan buyuk allomalarning nomi bilan atashni taklif qilib, ulardan birini Mirzo Ulug‘bek deb ataydi. Shuningdek, quyosh tizimining 1977-yilda ochilgan 2439 raqamli kichik sayyorasiga ham Ulug‘bek nomi berilgan.