Get Mystery Box with random crypto!

9-mavzu AYOLLARNING BAXTI – XALQIMIZ, JAMIYATIMIZNING BAXTIDI | MA'RIFAT DARSI | МАЪРИФАТ ДАРСИ

9-mavzu

AYOLLARNING BAXTI – XALQIMIZ, JAMIYATIMIZNING BAXTIDIR


O‘zbek ayollari o‘zining matonati, sabr-toqati, metin irodasi-yu mislsiz jasorati bilan hamisha mavqeyini sarbaland ushlagan.

Mamlakatimiz xotin-qizlari tarixning turli davrlarida, suronli yillarida, har xil qiyinchilik va jang-u jadallarda ham matonat va jasorat namunasini ko‘rsatgan. Bunga moziy ham guvoh. Masalan, olis tarix sahifalaridan joy olgan massagetlar malikasi To‘maris miloddan avvalgi 529-yilda Ahamoniylar podshohi Kir II ni jang maydonida yengishning uddasidan chiqqan edi.

Qadimgi yunon tarixchisi Gerodotning «Tarix» asarida yozilishicha, Ahamoniylar davlati asoschisi Kir II Turonga bostirib kirganida, massagetlar Amudaryo (Araks) bo‘ylari va Qizilqumda yashashgan. To‘maris massagetlar podshosining xotini bo‘lib, u erining vafotidan so‘ng davlatni boshqargan. Erondan kelgan bosqinchilar qo‘shini va massagetlar o‘rtasida shiddatli janglar bo‘lgan. Forslar hiyla yo‘li bilan To‘marisning o‘g‘li Spargalis (Siparangiz)ni asir olishganda, or-nomusga chiday olmagan Spargalis o‘zini o‘ldirgan. To‘maris o‘g‘li¬ning halokatidan esankirab qolmay, ikki o‘rtada ayovsiz jang bo‘lgan. Fors qo‘shinlari¬ning asosiy qismi, jumladan, Kir II ham jang maydonida halok bo‘lgan. To‘marisning jasorati va harbiy-siyosiy faoliyati to‘g‘risida xalq dostonlari yaratildi, jangnoma va rivoyatlar to‘qildi.

Yana bir misol, Qo‘qon xoni Umarxonning turmush o‘rtog‘i, o‘zbek mumtoz adabiyotining yorqin vakilasi, «Komila» va «Maknuna» taxalluslari bilan ijod qilgan Nodira (Mohlaroyim)dir. 1822-yilda Umarxon vafot etgach, uning o‘g‘li 14 yoshli Muhammad Alixon (Ma’dali¬xon) taxtga ko‘tariladi. Lekin davlatni asosan Nodiraning o‘zi idora qiladi. U madaniyat va san’atni rivojlantirishga intildi.

Qo‘qonda yirik adabiy muhit vujudga keldi. Bozor-u rastalar, masjid-u madrasalar, karvonsaroylar qurilishiga e’tibor berildi. Go‘ristoni kalondagi Madrasayi Chalpak, Taqagarlik rastasidagi Mohlaroyim madrasasini bino ettirgan.

Anglaganingizdek, o‘zbek ayollari hatto davlatni idora qilishdek mas’uliyatli vazifalarda ham jonbozlik ko‘rsata olgan. Bu nozik xilqat vakilalarining har qanday ishga mas’uliyati ikki karra kuchliligini, qayerda bo‘lmasin, o‘z vazifasini ortig‘i bilan bajara olishiga yaqqol dalildir.

Ayni damda jamiyatda xotin-qizlarning o‘rni beqiyos. Fidoyiligi, qobiliyati bilan barchani hayratga solayotgan ayollar safi esa muttasil ra-vishda kengayib bormoqda. Xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi o‘rni va ta’sirini oshirish so‘nggi yillarda barcha davlat dasturlarining ustuvor yo‘nalishlari sifatida kiritib borilmoqda. Mustaqillik yillarida xotin-qizlarga e’tibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Oila kodeksida turmushda, oilaviy munosabatlarda ayollarning erkaklar bilan teng huquqli ekani, oila davlat tomonidan muhofaza etilishi o‘z aksini topgan.

Shu vaqtga qadar ayollar huquqi himoyalangan ko‘plab qonun hujjatlari qabul qilindi. Ayniqsa, xotin-qizlarimizni ish bilan ta’minlash, tabdirkorlik qilishlariga erkinlik berish, rag‘batlantirish borasida sezilarli ishlarni kuzatish mumkin. Bugungi kunda xotin-qizlar minglab yillar davomida umuman ko‘rmagan va guvohi bo‘lmagan, orzu-intilishlarining mazmun-mohiyatiga aylangan siyosiy huquqlarga hech qanday to‘siqlarsiz erishmoqdalar. Ularga nisbatan qarashlarning tubdan o‘zgargani va endi nafaqat oilaviy hayot, balki davlat va jamiyat hayotida ayollar hamda erkaklarning maqomi ham tenglashgani diqqatga sazovordir.