Get Mystery Box with random crypto!

8-mavzu YANGI O‘ZBЕKISTON – INSON SHA’NI VA QADR-QIMMATI USTU | MA'RIFAT DARSI | МАЪРИФАТ ДАРСИ

8-mavzu

YANGI O‘ZBЕKISTON – INSON SHA’NI VA QADR-QIMMATI USTUVOR MAMLAKAT

Inson mavjudotlarning gultoji, aziz-u mukarramidir. Uning huquq va manfaatlari esa tug‘ilishidan to vafot etguniga qadar butun umri davomida unga hamrohlik qiladi. Shu bois inson bu yorug‘ dunyoda tinch va xotirjam, baxtli va farovon hayot kechirishga haqli. Uning qadr-qimmatini ulug‘lash, huquq va manfaatlarini himoya qilish masalasiga oliy qadriyat darajasida qarash har qanday davrda ham ustuvor ahamiyat kasb etaveradi.
Bugun O‘zbekistonda ham tom ma’noda insonparvar siyosat amalga oshirilmoqda. Yurtbo¬shimiz tashabbusi bilan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalarda olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar inson dard-u tashvishlarini yengillatish, uning farovon hayot kechirishiga qaratilgan bo‘lib, xalq bilan bevosita muloqot qilish, muammolarni ijobiy hal etish bo‘yicha yangi tizim yaratildi. «Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak» degan xalqchil g‘oya qaror topdi va bu tobora mustahkamlanib bormoqda.
2023-yilning 30-aprel kuni umumxalq referendumida tasdiqlangan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ham «O‘zbekiston – huquqiy davlat» degan tamoyil qat’iy belgilanib, inson huquq va erkinliklari borasidagi normalar 3 baravarga ko‘paytirildi. Inson sha’ni va qadr-qimmati daxlsizligi, hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emasligi nazarda tutilgan.
Shuningdek, Konstitutsiyada insonning shaxsiy huquqlari va erkinliklari kafolati eng ilg‘or xalqaro standartlarga muvofiq kuchaytirildi. Jumladan, shaxsni sudning qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turish mumkin emasligi, odamlarning huquq va erkinliklarini cheklash bilan bog‘liq barcha harakatlarga faqat sud qarori asosida yo‘l qo‘yilishi, ayblanuvchi va sudlanuvchilarning «sukut saqlash» huquqi mustahkamlandi.
«Inson qadri uchun» tamoyili Konstitutsiyada, qonunlarimizda va davlat idoralari faoliyatida bosh mezon bo‘lishi shartligi belgilab qo‘yildi.
Yana bir muhim hujjat: yettita ustuvor yo‘nalishdan iborat «Yangi O‘zbekistonning 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi»da ham «Inson qadri uchun – 100 ta maqsad» belgilab olinganini e’tirof etish zarur. Jumladan, uning har bir yo‘nalishida fuqarolar uchun munosib shart-sharoit yaratish, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdek ezgu maqsadlar mujassamlashgan.
So‘nggi yillarda inson huquqlarini himoya qilish yo‘nalishida muhim o‘rin tutadigan sud-huquq tizimida tub islohotlar amalga oshirilayotganini alohida e’tirof etish zarur. Jumladan, nazorat instansiyasi bekor qilinib, fuqarolar va advokatlarning shikoyatlari ham, xuddi prokuror protesti kabi, to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘riladigan tartib o‘rnatildi.
Ilk bor mansabdorlarni noqonuniy harakatlardan tiyib turadigan ma’muriy sudlar faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ular orqali fuqaro va tadbirkorning huquqlari tiklanmoqda. Iqtisodiy va fuqarolik sudlarida prokurorning ishtiroki cheklandi, jinoyat ishlarini asossiz ravishda suddan chaqirib olish bilan bog‘liq amaliyotga barham berildi.
Xalqaro mehnat tashkilotining zamonaviy talablari va tavsiyalariga javob beradigan yangi Mehnat kodeksi qabul qilingani ham inson manfaatlarini, uning mehnat qilish va dam olish huquqlarini yuksak darajada ta’aminlashga xizmat qilmoqda.
Shu o‘rinda bevosita inson omilini ulug‘laydigan faktlarni keltirib o‘tmoqchiman:
Yaqin yillargacha mamlakatimizda bolalarning maktabgacha ta’lim qamrovi 30 foizga ham yetmasdi, aksariyat bolalar bog‘chaga bormasdi. So‘nggi 5 yilda mamlakatimizda 21 mingdan ortiq yangi maktabgacha ta’lim muassasasi tashkil etilib, ushbu maskanlarda tarbiya olayotgan bolalarimiz qamrovi 67 foizga ko‘tarilgani insonga e’tiborning yana bir yorqin namunasi emasmi?
Maktab ta’limidagi islohotlar jamiyatda o‘qituvchilar maqomini oshirishdan boshlandi. Pedagog xodimlar ish haqi muntazam oshirilib, aksincha, o‘qituvchilar to‘ldiradigan hujjatlar soni kamaytirildi. Iqtidorli yoshlar uchun mutlaqo yangi turdagi Prezident maktablari va ijod maktablari tashkil etildi.