Get Mystery Box with random crypto!

Chunki shoir va yozuvchilar, madaniyat va san’at namoyandalari | MA'RIFAT DARSI | МАЪРИФАТ ДАРСИ

Chunki shoir va yozuvchilar, madaniyat va san’at namoyandalari, soha mutasaddilari ishtirok etgan ushbu tadbirda Yurtboshimiz bu borada muhim vazifalarni belgilab berdi. Unga ko‘ra yaqin orada teatr san’atini rivojlantirish bo‘yicha dastur ishlab chiqiladi. Ushbu dastur eng yax­shi pyesalar uchun ijodiy buyurtma berish, ijodiy va yordamchi xodimlarning chet el teatrlarida mahoratini oshirish, yosh rejissyorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun Mannon Uyg‘ur nomidagi mukofot ta’sis etish kabi bir qator chora-tadbirlarni o‘z ichiga oladi.
Bundan buyon korxona va muassasalarda oyning bir kuni «Teatr kuni» sifatida belgilanib, xodimlarning teatrlarga borishi yo‘lga qo‘yiladi. Bu nafaqat teatrlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlaydi, balki hamyurtlarimizning ma’naviyatini, estetik didini yuksaltirishda muhim omil bo‘ladi.

Ammo teatrlar ibrat maskani vazifasini to‘laqonli bajarishi uchun soha vakillariga qo‘yiladigan talab ham kuchayishi tabiiy. Avvalambor, dramaturglar maishiy mavzularga o‘ralashib qolmasdan, ijtimoiy mazmun-mundarijasi salmoqli asarlar, el-yurt taqdiriga, kelajagiga daxldorlik hissi bilan yashaydigan, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega zamonamiz qahramonlari obrazlarini yaratishlari kerak.

Rejissyorlar teatrni muqaddas dargoh bilib, xoh zamonaviy mavzuda bo‘lsin, xoh tarixiy yo‘nalishda bo‘lsin, dramatik asarlarni mahorat bilan sahnalashtirishlari lozim. Zero, bu ulug‘ dargohda Mannon Uyg‘ur, Toshxo‘ja Xo‘jayev, Bahodir Yo‘ldoshev singari san’at darg‘alari faoliyat ko‘rsatgan.

Aktyorlarimiz sahnani muqaddas bilib, o‘zlariga topshirilgan katta-kichik rollarni maromiga yetkazib, qoyilmaqom qilib ijro etishlari darkor. Zero, yurtimizning teatr sahnalarida Abror Hidoyatov, Shukur Burhonov, Nabi Rahimov, Zikir Muhammadjonov, Lutfixonim Sarimsoqova, Olim Xo‘jayev, Zaynab Sadriyeva kabi san’at darg‘alarining izlari qolgan.

O‘zbekiston xalq shoiri Rauf Parfi san’atkor tilidan shunday yozgan edi:
 
Hammasi tugadi, tugadi axir,
Parda tushirildi,
tomosha tamom.
Biroq sahna uzra hal
bo‘lgan taqdir
Mening yuragimda
qilmoqda davom.
 
Ha, ana shunday butun vujudi bilan o‘z ishiga berilgan teatr san’atkorlarigina tomoshabin tahsiniga, olqishiga sazovor bo‘ladi.

Xullas, davlatimiz rahbarining e’tiboridan ruhlangan teatr san’atiga daxldor har bir shaxs o‘z vazifasini sidqidildan bajaradi deb ishonamiz, umid qilamiz. Shundagina tomoshabin spektakl namoyishi paytida sahnada aks etgan hayot bilan yashaydi. Tomoshadan so‘ng ham o‘ylashda, mushohada yuritishda davom etadi, yaxshilarga yondashadi, yomonlikdan qaytadi. Qisqa qilib aytganda, spektakl namoyishidan ibrat oladi, tegishli xulosa chiqaradi.

Bobomurod TOSHЕV.