Get Mystery Box with random crypto!

7 - mavzu TEATR – IBRAT MASKANIDIR Ma’naviyat va ma’rifat da | MA'RIFAT DARSI | МАЪРИФАТ ДАРСИ

7 - mavzu

TEATR – IBRAT MASKANIDIR

Ma’naviyat va ma’rifat darsi
«Hayot – bu teatr, undagi odamlar – aktyorlar», degan edi ingliz dramaturgi Uilyam Shekspir. Daho ijodkorning ushbu fikriga tayanib «Teatr – bu hayot, uning bir parchasi» deyish ham mumkin. Zero, hatto rivoyat-u afsonalarga asoslangan teatr tomoshalari zamirida ham insonning hayot haqidagi tasavvurlari yotadi.

Ona yurtimizda teatr san’ati juda qadim tarixga ega. Unig ildizlari ibtidoiy jamoa davriga borib taqaladi. O‘sha zamonlarda ajdodlarimiz ov va boshqa mehnat jarayonlarini taqlidiy raqslar, jangovar o‘yinlar hamda xalq o‘yinlari shaklida ifoda etishgan.

Sharafiddin Ali Yazdiy, Ibn Arabshoh, Klavixolarning ma’lumotlariga qaraganda, Amir Temur saltanati poytaxtida va boshqa yirik shaharlarda teatrlashgan tomoshalar namoyish qilingan. XIX asrning ikkinchi yarmida esa Qo‘qonda Zokir qiziq boshchiligida bir guruh qiziqchilar, Buxoroda To‘la masxara yetakchiligidagi masxarabozlar xalq orasida mashhur bo‘lgan. Abdulla Qodiriyning «Mehrobdan chayon» romanining «Xon ko‘ngil olmoqchi», «Qiziqlar» boblarida aynan Zokir qiziq rahbarligidagi qiziqchilarning Xudoyorxon saroyidagi tomoshalaridan bir parcha aks etgan.

Turkistonda tom ma’nodagi teatrga Mahmudxo‘ja Behbudiyning «Padarkush» asari yaratilganidan so‘ng asos solindi. Muallifning o‘zi asarini janr jihatdan «milliy fojia» deb atagan. «Padarkush» dastlab 1914-yilning 15-yanvarida Samarqandda, o‘sha yilning 27-fevralida esa Toshkentda sahna yuzini ko‘rdi. Abdulla Avloniyning «Turon» havaskorlik teatr truppasi 1914 – 1916-yillarda butun Farg‘ona vodiysi bo‘ylab spektaklni namoyish etdi. Hech mubolag‘asiz aytish mumkinki, mazkur teatr tomoshasi g‘aflat uyqusida yotganlarni go‘yoki uyg‘otib yubordi. Zero, Behbudiyning o‘zi ham «Oyna» jurnalining 1914-yil 29-sonida chop etilgan «Teyotr nadur?» maqolasida «Teyotr ibratnamodur, teyotr va’zxonadur, teyotr ta’zir adabdir. Teyotr oyinadurki, umumiy hollarni anda mujassam va namoyon suratda ko‘zliklar ko‘rib, kar-quloqsizlar eshitib, asarlanur. Xulosa: teyotr va’z va tanbeh etguvchi hamda zararlik odat, urf va taomilni, qabih va zararini ayon ko‘rsatguvchidur», – deb yozgan edi. «Padarkush» asari garchi hozirgi mezon bilan o‘lchaganda, mazmunan nihoyatda sodda bo‘lsa-da, ushbu talablarga to‘la javob berardi. Yuqoridagi talablar bugungi kunda ham o‘zgargani yo‘q. Bizning davrimizda ham teatr ibrat maskani hisoblanadi. Ushbu san’at dargohiga qadam ranjida qilgan inson tomoshadan so‘ng o‘zi uchun ibrat, saboq olib qaytishi lozim.

Teatr nihoyatda kuchli tarbiyaviy ta’sir kuchiga ega. Shuning uchun mustaqillik yillarida mazkur san’at turi rivojiga alohida e’tibor qaratildi. Istiqlol davrida teatr repertuarlarida tarixiy mavzularga keng o‘rin berildi. Bahouddin Naqshband, Imom al-Buxoriy singari ulug‘ allomalarimizning hayoti va faoliyatini yorituvchi asarlar sahnalashtirildi. Ayniqsa, Amir Temur bobomiz va temuriylar to‘g‘risidagi spektakllarni xalqimiz sevib tomosha qildi. Shuningdek, teatr milliy qadriyatlarimizni ulug‘lash, kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Shu o‘rinda «Chimildiq», «Che­cha» kabi ko‘plab spektakllarni eslab o‘tish joiz.
Farg‘ona, Xiva, Qarshi, Namangan, Termiz shaharlarida qo‘g‘irchoq teatrlari ish boshladi. O‘zbek Milliy akademik drama teatri uchun zamonaviy, muhtasham bino qurib berildi. Teatr san’atini rivojlantirish maqsadida bir qator xalqaro anjumanlar o‘tkazildi.

Ayniqsa, so‘nggi yillarda teatr san’atini yanada taraqqiy toptirish maqsadida davlatimiz tomonidan har tomonlama g‘amxo‘rlik qilinmoqda. Xususan, 2018-yil 5-yanvarda Vazirlar Mahkamasining «2018–2022-yillarda davlat teatrlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini rivoj­lantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining 2023-yil 22-dekabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan kengaytirilgan yig‘ilishi mamlakatimiz teatrlari rivojida tub burilish yasashi shubhasiz.