Get Mystery Box with random crypto!

Yangi O‘zbekistonda o‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida | MA'RIFAT DARSI | МАЪРИФАТ ДАРСИ

Yangi O‘zbekistonda o‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat, ulug‘ ajdodlarimizning boy merosiga vorislik ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlashga qaratilgan yangidan-yangi tashabbuslar ilgari surilayotgani juda muhim. Ammo davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlash bilan ish bitadi, deyish oson. Bunga faqat xohish va iroda kerak. Xohish bo‘lish uchun esa kuchli targ‘ibot va til mafkurasi bo‘lishi lozim.

Til siyosatini mafkura qilib yuritar ekanmiz, o‘z ona tilimizni qanchalik hurmat qilishimiz, birinchi navbatda, oilaga ham bog‘liq. Har bir oilada, muloqot tili birinchi o‘rinda o‘zlikni anglashga yetaklaydi.

Oilada milliy tilimizga bo‘lgan e’tibor kuchli bo‘larkan, bola avvalo e’tibor va e’zozlangan ona tilida fikrlaydi.

Oilada o‘z ona tilida muloqot qilib, maktabda boshqa tilda suhbatlashadigan bola asta-sekin «maktab tili»ga o‘tib olishini ko‘pchilik yaxshi bilsa kerak. Bu esa farzandlarimizni mentalitetimizga mos qilib voyaga yetkazishda ancha mushkulot tug‘diradi. O‘zlikni anglashda tilni birinchi o‘ringa qo‘ysak, inson ma’naviyatini shakllantirishdagi o‘rni kelib chiqadi.

Qolaversa, bu borada o‘z ye¬chimini kutayotgan muammolar ham mavjud bo‘lib, xususan, «Davlat tili haqida»gi qonunning 8-moddasida «O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining boshqa hujjatlari davlat tilida qabul qilinadi va e’lon etiladi. Bu hujjatlarning tarjimalari boshqa tillarda ham e’lon qilinadi», deb belgilangan bo‘lsa-da, ayrim sohalardagi davlat idoralarida hujjatlarni davlat tilida qabul qilish yetarlicha yo‘lga qo‘yilmagan. Bu esa ayrim hollarda jismoniy va yuridik shaxslarga noqulayliklar keltirib chiqarmoqda.

Shuningdek, qonunning 10-moddasida korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va jamoat birlashmalarida ish yuritish, hisob-kitob, statistika va moliya hujjatlari davlat tilida yuritiladi, ishlovchilarining ko‘pchiligi o‘zbek tilini bilmaydigan jamoalarda davlat tili bilan bir qatorda, boshqa tillarda ham amalga oshirilishi mumkinligi belgilanganligiga qaramasdan, ayrim sohalarda statistika va moliya hujjatlari, shartnomalar talab darajasida davlat tilida yo‘lga qo‘yilmagan. Xususan, ayrim xizmat ko‘rsatish sohalari (kommunal, internet xizmatlari va h.k.) tomonidan shartnoma, dalolatnoma, ogohlantirish xati kabi hujjatlar ko‘pincha davlat tilida rasmiylashtirilmayotganini ko‘rish mumkin.

Qonunning 20-moddasida lavhalar, e’lonlar, narxnomalar va boshqa ko‘rgazmali hamda og‘zaki axborot matnlari davlat tilida rasmiylashtiriladi va e’lon qilinadi hamda boshqa tillarda tarjimasi berilishi mumkin, deb belgilangan bo‘lsa-da, mazkur qoidaga har doim ham amal qilinmayapti. Xususan, ayrim savdo yoki xizmat ko‘rsatish sohalari tomonidan bevosita yoki internet tarmoqlari orqali berilgan lavhalar va e’lonlarda davlat tili talablariga rioya qilmaslik holatlarini kuzatish mumkin.

Masalan, savdo do‘konlari, umumiy ovqatlanish joylarida va ularning internet saytlarida xorijiy tilda yozilgan «мы открылись», «распродажа», «скидка», «доставка», «sale» kabi xorijiy so‘zlarni ko‘p uchratish mumkin. Vaholanki, o‘zbek tilida «chegirma», «yetkazib berish», «arzon narxda» kabi ushbu so‘zlarning muqobillari mavjud.

Davlat tilining amal qilishi bilan bog‘liq muammolarni aniqlash va bartaraf etish yuzasidan, shuningdek, uni rivojlantirish sohasida farmon va qarorlarning belgilanganligi, hukumatda maxsus tuzilma tashkil qilinganligi va bu o‘zbek tilining nufuzini davlat siyosati darajasida olib borilishini ta’minlaydigan yangi omildir.

2021-yil 1-apreldan boshlab o‘zbek tili va adabiyoti bo‘yicha bilimni baholashning milliy test tizimi asosida rahbar kadrlarning davlat tilida rasmiy ish yuritish darajasi aniqlanishi yo‘lga qo‘yilganligi esa til siyosatini yuritishning funksional yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Demak, til siyosati endi asta-sekin mafkuraga aylanib, ongimizga singib boraveradi.