Get Mystery Box with random crypto!

5-mavzu O‘ZBЕK TILINING DAVLAT TILI SIFATIDAGI NUFUZINI OSHIR | MA'RIFAT DARSI | МАЪРИФАТ ДАРСИ

5-mavzu

O‘ZBЕK TILINING DAVLAT TILI SIFATIDAGI NUFUZINI OSHIRISH — MUHIM VAZIFA


O‘zbek tili milliy qadriyat, o‘zlikni anglash, mustaqil davlatchilik timsoli, ma’naviy boylik sifatida xalqimiz hayotining ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotida muhim ahamiyat kasb etadi.

So‘nggi yillarda o‘zbek tilini rivoj¬lantirishga, tilimizning davlat tili sifatidagi nufuzini oshirishga qaratilgan samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Til siyosatini takomillashtirishga huquqiy asoslarning mustahkamlanishi esa davlat tili nufuzini yanada oshirdi. 1989-yil 21-oktabrda O‘zbekiston Respublikasining «Davlat tili haqida»gi qonunini qabul qilish oson kechmaganini ham, mustaqillik yillarida o‘zbek tilini davlat tiliga aylantirish yo‘lida amalga oshirilgan qator chora-tadbirlarni ham xalqimiz juda yaxshi biladi. Ushbu qonun o‘sha davrda xalqimizning mustaqillik uchun qo‘yilgan dastlabki qadami bo‘lgan, desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Qonun moddalarida «O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tili» ekanligi va mamlakatimiz hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishi belgilanganligi muhim ahamiyat kasb etadi.

2020-yil 10-aprelda «O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida»gi qonunning qabul qilinishi esa xalqimizning dilidagi, orzusidagi ish bo‘ldi. Ushbu qonun bilan har yili 21-oktabr mamlakatimizda «O‘zbek tili bayrami kuni» sifatida keng nishonlanadi.

Davlatimiz rahbari tomonidan 2019-yil 21-oktabrda «O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etildi. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi huzurida o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradigan, yangi so‘z va atamalarni rasmiy iste’molga kiritish bo‘yicha Atamalar komissiyasi tashkil etildi.

Bu muhim hujjatning qabul qilinishi davlat tilini rivojlantirishga qaratilgan ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi, mazkur sohada yana bir muhim qadam qo‘yildi. Chunki O‘zbekistonda shu vaqtgacha davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan monitoringni amalga oshiradigan yagona, mustaqil va markazlashgan tuzilma yo‘q edi.

Prezident farmonida O‘zbekistondagi millat va elatlarning tillarini saqlash va rivojlantirish, davlat tili sifatida o‘zbek tilini o‘rganish uchun shart-sharoitlar yaratish, til siyosatini rivojlantirishning strategik maqsadlari va ustuvor yo‘nalishlari belgilab berildi. Bundan tashqari, o‘zbek tilini yanada rivojlantirishga qaratilgan uchta muhim hujjat:

2020–2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi;

2020–2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasini 2020–2022-yillarda amalga oshirish dasturi;


2020–2030-yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari tasdiqlandi.

Bugungi kunda ana shu hujjatlarda o‘z aksini topgan aniq vazifalar ijrosini ta’minlash uchun davlat bosh¬qaruvi, zamonaviy va innovatsion texnologiyalar, sanoat, bank-moliya tizimi, huquqshunoslik, diplomatiya, tibbiyot sohalarida, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va harbiy muassasalar faoliyatida to‘liq davlat tilida ish yuritish bo‘yicha boshlangan ishlar izchil davom ettirilmoqda. Zero, mamlakatimiz rahbari ta’kidlaganidek, «davlat tili masalasi milliy g‘oyamizning asosiy tamoyillaridan biri bo‘lishi zarur».