Get Mystery Box with random crypto!

51-mavzu Intizom va qonuniylik – xizmatning asosiy qoidasi T | MA'RIFAT DARSI | МАЪРИФАТ ДАРСИ

51-mavzu

Intizom va qonuniylik – xizmatning asosiy qoidasi

Tartib-intizom bor jamoada rivojlanish, olg‘a siljish bo‘ladi, sog‘lom muhit hukm suradi. Ota-bobolarimizdan an’ana bo‘lib kelayotgan sharqona tarbiyaning asosi ham intizomga borib taqalishi bejiz emas. Har bir ishning boshlanishi intizom va qonuniylikka asoslanmas ekan, undan samarali natija kutish vaqtni behuda sarf qilishdir.

Barcha sohalarda, xususan, ichki ishlar organlarida intizom va qonuniylikka amal qilish xizmatning oltin qoidasi hisoblanadi. Zero, Asosiy qomusimiz, mamlakatimizdagi mavjud me’yoriy qonun hujjatlari, hukumatimiz va vazirlik rahbariyatining buyruq va qaror¬lari, farmoyish hamda ko‘rsatmalariga rioya qilish xodimning jamoada, shuningdek, aholi o‘rtasida hurmatga sazovor bo‘lishining asosiy omilidir.

Ichki ishlar organlari xodimlari kunning istalgan payti, har qanday ob-havo sharoitida zimmalaridagi vazifalarni vijdonan ado etayotganiga har doim guvoh bo‘lamiz. Ko‘cha-ko‘yda hadik-xavotirlarsiz yurishimiz, oila a’zolarimiz davrasida bayramlarni munosib nishonlashimiz zamirida o‘z oromidan, huzur-halovatidan kechayotgan ichki ishlar organlari xodimlari-ning sharafli xizmat faoliyati borligini aslo unutmasligimiz kerak.

Osoyishtalik posbonlarining asosiy xizmat faoliyati xalq orasida kechadi. Xodimning yurish-turishi, muomalasi hatto o‘zini tutishi ham, xohlaymizmi-yo‘qmi, doimo odamlar ko‘z o‘ngida turadi. Shu bois Ichki ishlar organlarining Intizom ustavida bu haqda batafsil to‘xtalib o‘tilgan. Tasavvur qi¬ling, boshqalardan tartib-intizom va qonuniylikka amal qilishni talab qilayotgan xodimda ana shu xislatlar bo‘lmasa, tabiiyki, buning ta’siri ham kamayadi.

Intizom ustaviga murojaat qilamiz. Unda xodimlardan fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini, jismoniy va yuridik shaxslarning mulkini, konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilish, qonun ustuvorligini, shaxs, jamiyat va davlatning xavfsizligini ta’minlash, shu-ningdek, huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktikasi yo‘lida fidoyilik bilan xizmat qi¬lish talab etilishi alohida ta’kidlangan.

Bundan tashqari, ichki ishlar organlari xodimi ishonib topshirilgan tabel quroli, mol-mulk va texnikani asrab-avaylash, hushyor bo‘lish, davlat va xizmat sirini qat’iy saqlash, xodimlar o‘rtasida o‘zaro munosabatlar qoidalariga amal qilish, boshliqlar va hamkasblarni hurmat qilish, doimiy ravishda o‘z bilim va kasbiy ko‘nikmalarini takomillashtirib borish, malaka va huquqiy madaniyatini oshirish, xizmatdan tashqari holatlarda o‘zini munosib ravishda tutish, jamoat tartibi va odob-axloq qoidalariga amal qilishda namuna bo‘lishga majbur.

E’tibor bering, Ustavda xodimdan xizmat intizomiga rioya etish jarayonida yuqoridagi burch va majburiyatlarga qat’iy amal qilish talab etilyapti. Shunchaki, yo‘l-yo‘riq yoki ko‘rsatma sifatida tavsiya etilmayapti. Intizom ustaviga qat’iy amal qilishni xodimlardan talab qilish natijasida so‘nggi yillarda sohada fidoyi, Vatanini jonidan ham ortiq sevadigan, yurt manfaatini o‘z manfaatidan ustun qo‘yadigan, jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, sodir etilganlarini «issiq izida» fosh etish singari zimmalaridagi mas’uliyatli vazifalarni vijdonan bajaradigan mard va jasur osoyishtalik posbonlari soni tobora ortib borayotgani quvonarlidir.

Shuningdek, ichki ishlar organlarida yuksak xizmat intizomiga xodimlarda yuksak ma’naviy-axloqiy va ishchanlik xususiyatlarini, xizmat burchini bajarishga nisbatan ongli munosabatni shakllantirish, har bir xodimning o‘z xizmat burchini bajarishga nisbatan shaxsiy mas’uliyati, ichki tartib va xizmat kiyimini kiyish qoidalariga qat’iy rioya etish, boshliqlarning qo‘l ostidagi xodimlarga nisbatan kunlik talabchanligi, ularga doimiy g‘amxo‘rligi, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish, rag‘batlantirish va intizomiy jazo choralarini odilona, asosli qo‘llash, ichki ishlar organlari bo‘linmalarida zarur moddiy-maishiy sharoitlarni yaratish orqali erishilishi alohida ko‘rsatib o‘tilgan.