Get Mystery Box with random crypto!

Kech bo'lmasdan iymonga qayting, Harom yegan, halolga yotlar. | 🇺🇿 Elyor NAZAROV She'rlari ✍️

Kech bo'lmasdan iymonga qayting,
Harom yegan, halolga yotlar.
Xalqni qachon o'ylaysiz ayting,
Faqat o'zin o'ylagan zotlar.

Nahot shuncha ko'zlaringiz och,
Bechoradan undirasiz boj,
Maqsadingiz "tala keyin qoch"
Faqat o'zin o'ylagan zotlar.

O'ngni darhol, so'lga o'lchaysiz,
Tezda qing'ir yo'lga o'lchaysiz
Vijdonni ham pulga o'lchaysiz,
Faqat o'zin o'ylagan zotlar.

To'lmaydi hech nafsingiz g'ori,
Ta'sir etmas mazlumlar zori,
Sizga bir tin, elning ahvoli
Faqat o'zin o'ylagan zotlar.

Yetim haqqin yeysiz, bezmaysiz
Gunohlarni aslo sezmaysiz
Siz Allohni qachon eslaysiz,
Faqat o'zin o'ylagan zotlar.

Hech bir ishni g'irrom yuritmang
Dil niholin suvsiz quritmang
O'tkinchimiz shuni unutmang,
Faqat o'zin o'ylagan zotlar.

G'am olovin butkul o'chiring,
Ko'nglingizga mehr ko'chiring
Bir zum oxiratni tushuning,
Faqat oʻzin o'ylagan zotlar.

So'zlarimni oling hisobga,
Shunda she'rim ketmas isrofga
Biroz yaqin keling insofga,
Faqat o'zin o'ylagan zotlar.

Elyor NAZAROV


T.me/Elyor_NAZAROV_sherlari