Get Mystery Box with random crypto!

Yaqinda 'Ma’rifat' gazetasi 25-may munosabati bilan maktabni b | Xushnudbek.uz

Yaqinda "Ma’rifat" gazetasi 25-may munosabati bilan maktabni bitirayotgan o‘quvchilarga tilaklar yozib berishimni so‘ragandi. O‘sha tilaklarni bu yerda ham e’lon qilmoqchiman:

Hurmatli bitiruvchi uka-singillarim!

Sizga qandaydir balandparvoz tilaklar, katta marralarni egallash yo‘lidagi vazifalar aytishni istamayman. Osmondagi oyni olib bering, Vataningiz uchun joningizni fido qiling, butun dunyoga mashhur daho bo‘ling, deya mushkul topshiriq berish niyatim ham yo‘q. Bunday gaplar, aksincha, sizga ortiqcha bosim yuklaydi. O‘zingizni xuddi katta ajdarho bilan jangga ketayotgan Kenja botirdek tasavvur qilishingizni xohlamayman.

Siz bilan hech qanday g‘ayrioddiy hodisa sodir bo‘layotgani yo‘q. Shunchaki yashashda davom etyapsiz va katta hayotning bir bosqichini tugatib, keyingisiga o‘tyapsiz, xolos. Bu xuddi bog‘chani tugatib, maktabga chiqishdek oddiy gap.

Sizga yagona tilagim, o‘zingiz uchun hayotdan zavqlanib yashang. Qachon zavqlanasiz? Qachonki har kuni o‘zingiz uchun yangi ma’lumotlar kashf qilganingizda. Qachonki o‘zingizni kundan kunga bilimli bo‘lib ketayotganingizni his qilganingizda. Qachonki egallagan bilimlaringizni amaliyotda qo‘llab, odamlarga foyda keltirishni boshlaganingizda. Qachonki sizning bilimlaringizdan foyda topgan insonlar sizga, ota-onangizga, ustozlaringizga ko‘pdan ko‘p rahmat aytishganida. Qachonki bilimlaringiz ortidan o‘zingiz sevgan ishga joylashib, yaxshi daromad olganingizda.

Ko‘ryapsizmi, bir qarashda zavqli hayot formulasi juda oddiy. Bilim olsangiz, til o‘rgansangiz bo‘ldi, qolgani o‘z navbati bilan kelaveradi.

Sizlarga omad va baxt tilab, Xushnudbek.


@xushnudbek