Get Mystery Box with random crypto!

NAJOTKOR  UMID Insonning taftini inson olarkan, Dilni azob | Umr Falsafasi

NAJOTKOR  UMID

Insonning taftini inson olarkan,
Dilni azob tig‘siz qonatgan chog‘i.
Unut bo‘larkan-u barcha alamlar,
Lekin, o‘chmas bo‘lib qolarkan dog‘i.
Burnim qon, lek dilda orzu-la o‘sdim,
Har kimga bir davron keladi, do‘stim!

Taqdir ko‘chalari o‘yimday chalkash,
Bizlar berk ko‘chaga duch kelaverdik.
Sinovli kunlarda bo‘lishib dilkash,
Orzuga ergashib, kuch yig‘averdik.
Bu kun — hali unut bo‘ladi, do‘stim,
Har kimga bir davron keladi, do‘stim!

Ko‘zlangan manzillar garchi olisdir,
Qimirlab qir oshib yeturmiz, albat!
Bizga kuch bag‘ishlar bu yo‘lda duo,
Ham sodiq hamdamli otash muhabbat!
Ishqda sinov — hijron bo‘ladi, do‘stim,
Har kimga bir davron keladi, do‘stim!

Kimga g‘am kelgani, kimgadir quvonch,
Sabru harakatdan tolmasak bo‘ldi.
Oy — o‘n beshi zulmat, o‘n beshi yog‘du,
Zulmatda adashib qolmasak bo‘ldi.
Bizning oy ham bir kun to‘ladi, do‘stim,
Har kimga bir davron keladi, do‘stim!

Biz tongni kutyapmiz, tong uzoq emas...

Dilmurod Do‘st

@Umr_Falsafasi