Get Mystery Box with random crypto!

Sen vatan uchun nima qilib qo'yding? Bu gapni ilk bora univer | Saroyminds

Sen vatan uchun nima qilib qo'yding?

Bu gapni ilk bora universitetda eshitgandim. Yoshlar ittifoqi yangi tuzilgan, yoshlar ittifoqiga a'zolar tadbir uyushtiraverib, o'zlaridan muhim shaxs yasab olgan davrlar. Qaysidir tortishuvda bir ittfoqchi talaba baxsda argument keltira olmasdan, "sen vatan uchun nima qilgansan o'zi" deb yuborgandi. O'zi ham shu savolni o'ziga bersa, tayinli javob chiqishi mushkul bo'lgan vaziyat edi. (Ha endi u yosh bo'lgan, universitetdan tortib, o'sha paytda Alisher Qodirov rahbar bo'lgan Ma''naviyat va ma'rifat markazi tadbirlarida qatnashib yurish u uchun vatan uchun nimadir qilish hisoblangan-da). Undan keyin ming marotabalab shu gapni aytishdi, hatto o'tgan oyda ham aytishgandi (umuman boshqa mavzuda baxs ketayotganda, nomi tilga olinmayotgan odamning ismini aytishib, "u nima ishlar qilganini bilasizmi vatan uchun" deyishgandi), bugungisi esa oshib tushdi).

Keyinchalik bu so'z shu qadar bolaladi-ki, qayerdadir biror joyni tanqid qilib qo'ysangiz evaziga shu savol bilan murojaat qiladigan bo'lishdi. Eng qizig'i, hozirgi siyosatimiz bu klishening ustiga qurilmagan. Eng tepadagilar "kamchiliklarni aytinglar", "jamoatchilik nazoratini amalga oshiringlar", "chapak chalaverib shu ahvolga keldik", "maqtaydigan emas, kamchiligimni aytadigan mening do'stim" iddaolarini bot-bot takrorlashsa ham, "gaz bosimi choy qaynatishga dosh bera olmayapti" deya bor haqiqatni ko'rsatib bergan iste'molchini yumshoqroq aytganda shu gap bilan "urishib berish" qaysi sog'lom aqlga sig'adi?

Vatan uchun nimadir qilish tushunchasi o'zi nima? Buning universal mezonlari qanaqa? Qaysi ishni qilsak yoki qilmasak vatan uchun xizmat qilgan/qilmagan bo'lamiz? Shu savolga aniq ta'rifni kim keltira oladi? Men bir nechta mezonlarga tayanib vatan uchun xizmat qilish formulasini ishlab chiqdim:

1. O'zbekiston Respublikasida amal qilayotgan qonunchilikka rioya qilib yashayapmiz, hech bir jinoyatni amalga oshirmayapmiz. (Har holda men shunday qilyapman, sizni bilmadim).

2. O'zbekiston Respublikasi soliq qonunchiligiga ko'ra faoliyat turimizga qarab daromad, yer, mol-mulk, foyda va boshqa soliqlarni to'lab bormoqdamiz. (Har holda men shunday qilyapman, sizni bilmadim).

3. Jamiyatdagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga (saylov, qaror va farmonlar muhokamasi, qonunbuzarlik) befarqlik qilmayapmiz. (Har holda men shunday qilyapman, sizni bilmadim).

Qolgan hamma ish, faoliyat, xatti-harakat vatan uchun nimadir qilishga kirar, balki. Lekin o'sha ittifoqchilar va matbuot kotiblari tinmay ta'kidlaydigan vatan uchun nimadir qilish minimumi mana shu uch ishni qilishda mujassam bo'ladi. (Aytaylik shu ishlarni bittasini qilganga 3, ikkitasini qilganga 4, bittasini qilganga 5).

"Vatan uchun nima qildingchi"larning tagini surishtirsangiz o'zi ham sizdan ortiq nimadir qilgan bo'lib chiqmaydi. Shunchaki bir tadbirboz yoki biror bir tashkilotning jarchisi (advokati (yoki maddohi) bo'lishi mumkin. Argument keltira olmagandan so'ng klishelarni qo'llashni boshlaydi. "Yoshing kichkina, bilib muomala qil", "o'rnida o'zing ishlab ko'r", "o'zing nima qilgansan".

Saviyasiz matbuot kotiblari, ittifoq nomi va faoliyat vektori o'zgarsa ham, tipik kamolotchi bo'lib qolgan nusxalar dastidan dod! Qachon o'zgarasiz? Qachon davlat rahbari yuritayotgan ochiqlik, shaffoflik, OAVga do'st sifatida qarash, muammo aytganga emas, muammoga e'tibor qaratish siyosatini tushunib yetasizlar? Bo'ldi-da endi! Siqvordinglar-ku!
@saroy_minds