Get Mystery Box with random crypto!

Ukraina Rossiya urushi (garchi bosqinchi Rossiya bu xatti-hara | Saroyminds

Ukraina Rossiya urushi (garchi bosqinchi Rossiya bu xatti-harakatni "Maxsus xarbiy amaliyot" deb propagandik bo'yoq berayotgan bo'lsa ham, baribir bu qonli urush) 24-fevralda boshlangan bo'lsa ham, bu haqida bir satr ham yozmadim. Sababi - tabiatan urushlarga qarshiman. Muzokaralar va tinch yo'l bilan hal qilish tanlovi turganda, urush boshlab ketish men uchun har doim noto'g'ri yo'l bo'lgan. Men - pasifist (tinchliksevar)man! Lekin axiyri men ham chidab tura olmadim.

Garchi Rossiya bu urushni boshlagan bo'lsa ham, rossiyaparastlar bu urushni oqlashga minglarcha sabab keltirishmoqda. "Ukraina NATO (AQSH)ning o'yinchog'i", "Rossiya urush boshlamaganda, NATO baribir xujum qilardi", "Rossiya bir o'zi elgebetelarga qarshi kurashmoqda", "millionlab vatandoshlarimiz Rossiyada tirikchilik qilmoqda, Rossiyani qo'llashimiz kerak", "Amerika g'alaba qozonsa navbat O'rta Osiyoga", "Ukrainani natsistlar bosib ketgandi, Putin ularni denatifikatsiya qilmoqda"...

Mana shunaqa fikrdagi insonlarning fikrlashi qiziq. Qanday qilib bunday darajada fikrlash mumkin? Qanday qilib okkupant mamlakatni qo'llash mumkin? O'zi urush nimaligini bilasanmi? Raketalar ostida qolib ketib, har qadamda o'limni his qilish qanaqaligini-chi? Og'zingning bir chekkasidan gap chiqib ketaveradi. Tinch mamlakatda yashayapsan, kechqurun uyinga borishing aniq. Oilang tinch, bolalaring bemalol maktabga borib kelmoqda. Lekin zolim Putinning dastidan ukrain otalari ertangi kundan umidsiz yashamoqda! Ukrain onalari farzandini quchoqlagancha qon ko'zyoshlarini to'kishmoqda. Ukrain o'g'il-qizlari sening farzandlaringdek erkin unib-o'sish baxtidan mosuvo bo'lishmoqda! Qanaqa qilib bosqinchini qo'llab-quvvatlashing mumkin?

Zelinskiyni masxaraboz deysan, Putin undan kammi? O'zi kabinetda o'tirvolib, Tatariston, Vladivostok, Checheniston, Dog'iston, Novosibirsk, Arxangelsk kabi hududlardagi rus o'g'lonlarini mobilizatsiyaga tortib, o'lib ketishlariga sababchi bo'layotgan qonxo'r bo'lgandan ko'ra, masxaraboz bo'lgan durust emasmi? Eng muhimi, shu masxaraboz o'z xalqi bilan qoldi, urush ichida yuribdi, urush bo'layotgan hududdan minglarcha kilometr uzoqlikdagi kabinetda pisib o'tirib, "Ukrainani tozalashimiz kerak" deb valdirab o'tirgani yo'q. Ukrainlarni "xoxollarga buyam kam" deysan, lekin shu xalq bosqinchiga qarshi mardonavor kurashmoqda! O'rniga sen bo'lganingda o'rislarning patinkasini yalab, 1865-yilda ajdodlaring qilgan ishni takrorlarding.

Ko'zingni och! Rossiya televideniyesi miyangni yuvmayaptimikan? Bir o'ylab ko'r-chi? Ukrainada odamlar o'lmoqda, ularni zolim va qonxo'r Putinning rejimi o'ldirmoqda. Urushga boshqacha ta'rif yo'q! Har qanaqa elgebetelar-u, NATOning labaratoriyalari, Putlerning pafosli gaplari, bandit Ramzanning askarlari bilan ibodatlari ham urushni oqlashga sabab bo'la olmaydi! Bu urushning birgina ta'rifi bor - qonxo'r va zolim Putin rejimining mustaqil va suveren Ukrainaga bosqini! Boshqa har qanday argumentingiz yemaydi.
@saroyminds