Get Mystery Box with random crypto!

Bu har doim shunday bo‘lganligini qayerdan bilamiz? Bizda qand | Xorijdagi talabadan maktublar

Bu har doim shunday bo‘lganligini qayerdan bilamiz? Bizda qanday maʼlumotlar bor? Birinchi jahon urushidan avval Germaniyaning milliy iqtisodiy qudrati u bilan bir xil yillarda milliy davlat sifatida qayta tashkil etilgan Italiya va Yaponiya kabi mamlakatlarni birgalikda jamlaganidan uch baravar katta va Fransiya va Rossiyaning iqtisodiyotini esa ortda qoldirgan edi. 1913 yilda Germaniya 66 million aholiga ega bo‘lib, o‘sha paytda mintaqada aholi soni undan ko‘p bo‘lgan yagona davlat Rossiya edi. Biroq, nemis aholisi ham miqdor, ham sifat jihatidan ruslardan ancha kuchli edi. Chunki nemislarning taʼlimi, ijtimoiy ehtiyojlari davlat tomonidan qondirilgan va ularning jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromad darajasi ruslarnikidan deyarli o‘n barobar yuqori edi. Bir misol keltiraman: Masalan, o‘sha davrda Italiyada harbiy xizmatga chaqirilgan har ming kishidan 330 nafari savodsiz edi. Vengriyada bu ko‘rsatkich 220 kishi, Fransiyada esa mingda 68 kishini tashkil etardi. Germaniyada qancha bo‘lganini bilasizmi?Mingda 1! Men Birinchi jahon urushidan avvalgi holatni gapiryapman. 110 yil oldin!

Shunday jamiyatdan nafaqat Prussiya armiyasi foyda ko‘radi. Balkim malakali ishchilarni qidirayotgan zavodlar, yaxshi o‘qitilgan muhandislarga muhtoj tadbirkorlar, kimyogarlarni qidirayotgan laboratoriyalar ham yetarlicha foyda ko‘rdi.
Politexnika institutlari va universitetlari, Germaniya maktab tizimi juda uzoq va chuqur tarixga ega muassasalardir. Dunyoda juda ko‘p bo‘lgan maʼdanni, yaʼni inson miyasini qayta ishlash orqali ulardan birin-ketin bebaho javohirlar ishlab chiqardilar.
Sayyoramizda qayta ishlansa, inson miyasidan ko‘ra ko‘proq qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan va qimmatliroq biron bir boshqa modda bormi? Yo‘q. Nemislar bu oddiy haqiqatni dunyodagi boshqa xalqlarga qaraganda tezroq anglab yetishdi.
O‘qimishli nemis fermerlari bu bilimlar bilan yangi kimyoviy o‘g‘itlarni ishlab chiqdilar. Zamonaviy qishloq xo‘jaligi bilan ular boshqa buyuk davlatlarga qaraganda gektariga yuqori hosil olishdi. Mahsulotlar diversifikatsiya qilindi, narxlar tushdi va ko‘proq aholini boqish mumkin edi. Ko‘proq aholi ko‘proq ishchi kuchi va tez sanoatlashtirish olib keldi.

Endi Wirthschaftswunderʼga qaytsak. 1948 yil may oyida kuniga o‘rtacha 9,5 soatlarini ishlash o‘rniga yeydigan narsa topish va yig‘ish uchun sarflagan nemis xalqining sanoat ishlab quvvati 1948 yil dekabr oyining oxirgi kunida urushdan avvalgi 80 foizga yetdi. Oradan atigi 10 yil o‘tib, 1958 yilda sanoat mahsuloti to‘rt baravar ko‘paydi. O‘sha sanadan keyin hech narsa Germaniya iqtisodiyotini tiz cho‘ktira olmadi. 1989 yilda Berlin devori qulagan paytda G‘arbiy Germaniya dunyodagi uchinchi yirik iqtisodiyot edi. Sharqiy Germaniya esa qashshoqlik va ochlikdan aziyat chekardi. Ikki raqib iqtisodiy tizim bir xil odamlarda sinovdan o‘tkazildi va Javob o‘rtada.

Xulosa: men borgan yerlar, yashagan joylarim, guvohi bo‘lgan narsalarim, jamiyat insonlari va o‘sha jamiyatning tuzilishi, madaniyati va mentalitetiga qarab bir mamlakatlarning rivojlanishi uchun farqli yo‘llar kerakli bo‘lishini bildim. Boshqacha qilib aytganda, nemislar ishlab chiqargan tizim, o‘zlari uchun eng yaxshi tizim bo‘lishi mumkin, lekin boshqa geografiyada turli tarixiy tajribaga ega, ijtimoiy munosabatlar dinamikasi har xil bo‘lgan xalqlar uchun bir xil natija berishi kafolatlanmaydi. Ammo shuni bilamanki, bu baʼzi narsalarda yaxshiroq bo‘lgan jamiyatlar tomonidan o‘rganilgan tajriba va saboqlarni eʼtiborsiz qoldirmaslik kerak. Aksincha, umumiy xatolar, umumiy tuzilmalar va umumiy nuqtalarni topish va tushunish kerak. Chunki umumiy fikrlar yetarli bo‘lsa va bir tomon o‘sha keng tarqalgan xatolarga qaramay muvaffaqiyat qozonsa, vaqtni behuda sarflashning nima keragi bor? Chunki bir yerda sinab ko‘rilgani turibdi.

Agar bir davlat va jamiyat Germaniya kabi bo‘lishni istasa, qonunlarini va sistemasini shunchaki o‘zgartirib, o‘z tarixidagi xatolardan ibrat olmasdan erisha olmaydi.