Get Mystery Box with random crypto!

Vatanga ko‘rgan o‘zgarishlar borasida ilk xulosalarim. (Bu yoz | Xorijdagi talabadan maktublar

Vatanga ko‘rgan o‘zgarishlar borasida ilk xulosalarim. (Bu yozganlarim faqatgina Qo‘qon shahriga tegishli, hali boshqa shaharga bormadim):

Bir vaqtlar chinorlar kesilib o‘rniga ekilgan daraxtlar ancha katta bo‘lib qolibdi. Shaharning ko‘rki bu daraxtlar bilan juda ham ochilgan. Eng chiroyli shahar eng ko‘p daraxti bor shahar.

Markaziy ko‘chalar ancha toza, lekin ichki qisimlarda tozalik unchalik emas. Chiqindi tashlash qutilari shaharda yo‘q hisobi, bu yomon. Insonlar ham chiqindilarini yerga tashlab ketishi oddiy holatga aylanibdi.

Piyodalar yo‘li avvalgi yillarga ko‘ra ancha yaxshilanibdi lekin shunda ham talab darajasida emas, baʼzi yo‘llar avtomobillar va do‘konlarning ko‘chaga qo‘ygan mahsuloti bilan ishg‘ol qilingan.

Ko‘rlar va velosipedlar uchun maxsus yo‘llar paydo bo‘libdi. Quvonarli xol. Biroq bu yo‘llar unchalik uzun emas. Bolalar aravachasi va nogironlar uchun yo‘llarda sharoit yo‘q.

Jamoat transporti ishlab turibdi, lekin taksi xizmati yaxshiroq va qulayroq tuyildi. Avtobuslarda pulni tushib turganda to‘lanar ekan (Avval unday emas edi, yoki men eslolmadim) bu biroz erish tuyildi.

Mahallalarning ichki yo‘llari ancha yaxshilanibdi, bolalar maydonchasi ham ko‘payibdi.

Shahar bo‘ylab ariqlarda suv oqmoqda, xursand bo‘ldim. Havoni tozalaydi va muvozanatga soladi. Kasalliklar kamayadi. Ammo ariqlarga chiqindilar tashlanmoqda.

Shaharning kechki yoritilishi ham yaxshilanibdi, insonlarning kechki salqinda yurishi yoki oilaviy bir yerga borishlari ko‘payibdi.

Machitlarda saflar ancha ko‘payibdi. Soqolli insonlar kamaygani. Ro‘molli ayollar esa ko‘payibdi. Boshi ochiq ayollarni juda ham kam ko‘rdim, eng kamida sharif tashlab olgan ko‘pchilik.

Ichki ishlar vazirligi tomonidan tayyorlangan kitob o‘qishni targ‘ib qilinadigan reklama bannerlarini ko‘rdim. Tushunishim bo‘yicha ichki ishlar vazirligi online kutubxona tashkil qilgan.

Ko‘chada ichki ishlar xodimlarini kam ko‘rdim. Hayot nisbatan ancha erkinlashibdi.

Xalqaro va mahalliy brendlarga oid do‘konlar ancha ko‘payibdi. Umuman olganda shahardagi do‘konlar sonida jiddiy o‘sish bor. Kichik ishlab chiqarishlarning soni ham ortgan.

Prezident madh qilingan reklama bannerlari ancha kamaygan.

Ko‘chalardagi reklama esa hali hamon ruscha-o‘zbekcha, lotincha-kirillcha aralash yozilgan. Juda xunuk va tartibsiz. Tezroq bu borada jiddiy islohot olib borishimiz kerak.

Narxlar Turkiyadan qimmatroq tuyildi. Maoshlar esa o‘rtacha 150-200 dollar.

O‘quv kurslari juda ham ko‘p, yoshlar til o‘rganishga ishtiyog‘i kuchli. Inglizcha biladiganlar soni sezilarli oshgan.

Boshqa millatdagilar ko‘chada o‘zbekcha gaplashmoqda. Quvonarli xol. Keyin yana kayfiyatimni juda ham ko‘targan jihat, avtobusda hamma bir-biriga joy berishga intilishi. Ohista turtgan holda, aka o‘tiring yoki opa o‘tirib oling deb aytishadi.

Mashinalar haddan ziyod ko‘paygan. Yo‘llarda tiqilinchlar yuz bermoqda. Kichik qoida buzishlar oddiy holat, piyodalarga yo‘l berish nisbatan oshgan.

Shaharda qurulish ancha ko'p. Yangi binolar quti ko‘rinishida emas, farqli arxitekturada qurilyapti ekan.