Get Mystery Box with random crypto!

Kechadan boshlab, bir oy mobaynida, praktika tariqasida davlat | Xorijdagi talabadan maktublar

Kechadan boshlab, bir oy mobaynida, praktika tariqasida davlat maktabidagi 7 sinflarga dars o'tishni boshladim. Mendan faqat uch narsa istashdi:

1. Shortik kiymaslikni = kiyim borasida boshqa cheklov yo'q. Istagimga ko'ra kiyinib boraveraman.

2. O'quvchilarga do'stlar yoki ukalar deb murojaat qilmasligimni.

3. O'quvchilarni kamsitmaslikni.

Faqat shular, boshqa barchasi o'zimga bog'liq ekan. Bular ichiga, baholash, rag'batlantirish hatto yakuniy imtihonlarning savollarini o'zim tayyorlab o'tkazish ham kiradi.

Ilk dars kunimdan esda qolganlarni yozib qo‘ymoqchiman.

1. Sinfga kirishda biroz hayajonlanib, kirsammi kirmasammi deb taraddud qilib qoldim.

2. Ilk darsni tanishish bilan o‘tmaslikka harakat qildim. Chunki o‘quvchiligim vaqtida eng yomon ko‘rganim, yangi o‘qituvchini o‘quvchilarni birma bir turg‘azib ismini, familiyasini, qayerdanligi va otasining kasbini so‘rashi edi. Qisqagina o‘zimni tanishtirdim, ro‘yxat asosida ism-familiyasini o‘qib chiqdim.

3. O‘zbekiston borasida ko‘plab savollar berishdi. Savollar ko‘proq siyosiy va iqtisodiy edi. Darsim ijtimoiy va siyosiy bo‘lmaganda ham baribir turkiyalik yoshlar ko‘proq shu borada savol bergan bo‘lardi. Chunki 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lganlarning bari qiziqadi.

4. Birinchi darsni eng yaxshi bilgan mavzumdan boshladim. Shunga qaramay o‘quvchilar kutilmagan va bilmagan tarafimdan savollar berishga harakat qilishdi. Klassik o‘qituvchini mot qilish uslubi :) Bilmagan savollarimga "hozir mavridi emas, keyinroq javob beraman" deb himoyalandim.

5. Darsdan keyin o‘quvchilarimdan biri kelib (qiz) avtobus bekatigacha birlikda ketmoqchi bo‘ldi. O‘rtoqlarim bilan ko‘rishaman, mashinada kutib turibdi deb qochib qoldim. Boshqa bir o‘quvchim esa Instagramdan kuzatish uchun istak yuboribdi. Qabul qilmadim. Shu yerga yozib qo‘yay, keyinchalik tushunmovchilik bo‘lsa isbot tariqasida ko‘rsataman. 12-13 yoshli qizaloqlar o‘zlari bilmagan holda boshimga balo bo‘lishlari mumkin. Ularni ayblaganim yo‘q, maqsadlari shunchaki sof bo‘lishi mumkin, lekin baribir yaxshi emas. Yagona ko‘nglimni xira qilgan jihat shu bo‘ldi.