Get Mystery Box with random crypto!

​Qutlov! Mahfuza IMOMOVA 1989-yili 4-iyulda Surxondaryo viloy | “Yoshlik” jurnali | “Ёшлик” журнали

Qutlov!

Mahfuza IMOMOVA 1989-yili 4-iyulda Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanida tug‘ilgan.
Hindistonning Bangalor universitetida tahsil olgan.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan “Birinchi kitobim” rukni ostida “Yorug‘ yo‘l” nomli she’riy to‘plami chop etilgan.

ONAMGA MAKTUB

Suprada un bormi,
Qozonchada yog‘,
Yomg‘irda ho‘l bo‘lib qoldimi o‘tin?
Kichrayib qolgandek bugun hammayoq.
Onajon, oradan shuncha yil o‘tib
Meni ham sog‘inib ketgandir, qishloq?
Yelkamga ko‘ngilning yukini ortib,
Qiz boshim bilan men hamon safarda.
Ko‘zim-la chamalab osmonning ortin.
Oyog‘im tuproqqa to‘lar, shaharda
Nastarin gullari tutar yoqamdan.
Kun sayin sochilib ketar ko‘chalar
Qay birin tugatay?
Ayni shu damda,
Kechirgan kunlarim kelib o‘ch olar.
O, qanday ajoyib edi men ko‘rgan
Tushlarim, uxlamoq oson baridan.
Uyg‘onib izlayman dunyoni birkam
Dadamning qoldirgan choponlaridan.
Sig‘mayman kengliklar bo‘lmasa uyda
Har bitta g‘ussangdan ketganman ozib.
Yoshim ham ulg‘ayib bormoqda o‘ydan.
Xavotir qalbimni turtkilar hozir
Uyimiz sovuqmi…
Eshik oldidan
Ukam bir chekkaga oldimi qorni?
Qalinroq o‘raning,
Isitsin chidam,
Ona, uyimizda muhabbat bormi?

@yoshlikjurnali