Get Mystery Box with random crypto!

Hech podkast eshitmayman. Bugun ikki yoqimli ayol qatnashgani | Yevropa sarguzashtlari

Hech podkast eshitmayman. Bugun ikki yoqimli ayol qatnashgani hamda mavzusi qiziqligi uchun ko'ryapman mana bu videoni: Ayollar bilan uy ishlarini bo'lishish kerakmi?

Qiziq tajribalar bilan bo'lishishibdi. Ayniqsa Aziza opaning uyida onasi idishlarni barcha farzandlariga teng yuvdirganiga qoyil qoldim. Opasi bo'lsa ham kirni ukasi yuvganiga yanada qoyil. Shu to'g'ri fikr. Erkaklar bolaligidagi oilasida o'rgangan munosabatni o'z oilasida ham kutadi keyin.

Masalan, Dilroz Abrayeva aytishicha turmush o'rtog'i (Muhrim A'zamxo'jayev) unga ota-onasining uyida ham oshxonada qarashishga uyalmaskan. (Ikkalasini ham faqat intervyu va maqolalaridan taniyman, bir-biriga ideal mos juftlikdek tuyuladi ).

Bizda esa aynan shu "uyat" bor. Hubbyjon o'zimiz yashagan paytimizda yordam beradi (idish yumaydi-yu, lekin ovqatga qarashib turadi). Ammo O'zbekistonga - kelinlik uyimga borishimiz bilan hatto o'ziga tayyor ovqatni suzib olishga uyaladi.

Chunki u uyda uy ishlari butunlay ayollar zimmasida. Uch mahal hamma ovqat-u salat va choylarni dasturxonga ayollar keltirib qo'yadi. Erkaklar o'tirib yeydi. Ayollar yana yig'ishtirib oladi. Erkaklar tomorqa ishi, ro'zg'ordagi og'irroq ishlarni va pul topish vazifasini bajaradi. Shuning uchun hubbyjon uchun uyida o'zi ovqat suzib yeyish erish tuyulsa kerak.

Haligacha men shu narsadan shokka tushaman. Bizning oilada erkak bo'lmagani uchundir, pul topish ham, yer chopish ham, kir yuvish ham o'zimning qo'limdan kelganidek, erkak ham bu narsalarni birdek qilishi tabiiy narsadek tuyulardi. Lekin o'zbekcha oila modelida bu tasavvurim nega normal qabul qilinmasligini tushunishga juda qiynalaman.