Get Mystery Box with random crypto!

#mindset Men o'zimni sevaman, menga o'zim yoqadi Bir yarim | .

#mindset

Men o'zimni sevaman, menga o'zim yoqadi

Bir yarim yilcha oldin Ispaniyadan post yozgandim: 9-10 oylik monstrcha o'yinchoqlarini noto'g'ri tersa ham o'ziga-o'zi qarsak chalishi haqida.

Kattaroq bo'lsa, bu odatini tashlasa kerak deb o'ylardim. Heh

- Bvavo daddy, you did a good job! - mitti qo'lchalar bloklardan nimadir yasab bergan dadasiga qarsak chaladi.

- Good job, mommy! You found it. You did it, bvavo! - yo'qotgan o'yinchog'ini topib bersam maqtov eshitaman.

O'zini esa kichkinagina muvaffaqiyati uchun ham olqishlaydi:

- Bvavo baby. Bvaaavo Komil! You did it! - shunchaki bitta blokni boshqasining ustiga qo'ygani uchun ham o'ziga qarata aytilishi mumkin bu xitob.

Lekin o'zini o'zi maqtashi kamlik qiladi. Bizga qaraydi. Indamasak, ko'rmisizlar degandek aniqlashtiradi:

- I did it. I did it, mommy?! - endi ham maqtamasam, nafaqat ko'r, balki tentaklikda ham shubhaga olinishim mumkin

Sizlarning ham o'zingizga ishonchingiz, mehringiz shu qadar baland bo'lsin. Jamiyatimizda rozi qilinishi shart, ammo rozi bo'lishi qiyin bo'lganlar ko'pligini hisobga olsak, o'zbek ayollariga osonmas. Ertadan kechgacha sochini supurgi qilib, tinim bilmasa ham birov maqtay demaydi.

Shuning uchun o'zingizni o'zingiz maqtang, yaxshi ko'ring, sovg'alar olib bering o'zingizga. Boshqalar qadringizga yetishini kutsangiz, umringiz tugab qolishi mumkin.

Mazali ovqat qildingizmi? "Biram qo'lim shirin-ey!" deng. O'qishda yoki ishda biror o'zgarishga erishdingizmi? "Biram aqlliman!" deb o'zingizni mukofotlang. Chunki biz eng yaxshisiga loyiqmiz. Bayramingiz bilan, ayollar