Get Mystery Box with random crypto!

​​Assalom ayajon man sog'-omonman, Rosti hech qayerim og'rib q | 🇯🇵YAPON TILI 日本語

​​Assalom ayajon man sog'-omonman,
Rosti hech qayerim og'rib qolgan yo'q,
Televizorlarga sira ishonmang,
Biroz shamol bo'ldi to'fon bo'lgan yo'q.

Ular ko'rsatgan joy Yaponiya emas,
To'fon deganlari bizdan olisda,
Tunov kun osaka degan joyida,
Yer sal qimirlabdi juda ohista.

Ular aytganidek odam o'lmagan,
Dengizlarida ham suvlar toshgan yo'q,
Internetda yolg'on xabar tarqagan,
Yozda harorat ham sira oshgan yo'q.

Ishonmang gazeta , jurnallarga ham,
Yolg'on xabar bermay yuzi qursin-a,
Ko'nglingiz to'q bo'lsin, bo'ling xotirjam,
Bu yerda umuman bo'lmas zilzila.

Menda hammasi zo'r,tan-u jonim sog',
Kasallik degani menga begona,
Faqat yuragimda kichkina bir dog',
Men sizni judayam sog'indim ona.

To'yib uxlayabman xavotir olmang,
Muammo yo'q aslo yeb-ichishimda,
Faqat mexringizni qo'msabman jinday,
Non yopib beribsiz kecha tushimda.

Yaponlar bizlarga juda mehribon,
O'zin ukasidek yaxshi ko'radi,
Narx navolari juda ham arzon,
Ming sumga 10 kilo olma beradi.

Ozib ham ketmadim o'sha-o'shaman,
Hali ham tilagim shu- eski tilak,
O'zgarib ketibsan deya yig'lamang,
Telefonda shunaqa ko'rinsam kerak.

Tangrimdan so'rayman yana va yana,
Faqat Yaponlardek ko'p yashang ona....

2018.09.06.
Bahodir Iskandarov

#LirikChekinish

#YaponiyaSadosi

Yaponiyaga oid she'rlar kanali
https://t.me/joinchat/AAAAAFAYITyPrvHdJNsAOA


Telegram | Facebook | Instagram