Get Mystery Box with random crypto!

IT sohasida bepul o‘qish mumkinmi? Ha, mumkin, sizda faqat xoh | Xushnudbek.uz

IT sohasida bepul o‘qish mumkinmi? Ha, mumkin, sizda faqat xohish bo‘lsa bas

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov IT sohasida bepul ta’lim olish uchun bir nechta imkoniyatlar haqida ma’lumot berdi.

Prezident qaroriga asosan, 1-martdan boshlab bitiruvchilarini aynan IT xizmatlari eksporteriga ishga joylanishiga erishgan o‘quv markazlari uchun 25 million so‘mgacha, agar bitiruvchining nogironligi bo‘lsa 35 million so‘mgacha subsidiya ajratilishi belgilandi. Ya’ni o‘quv markazlari shunchaki yoshlarni yaxshilab o‘qitib, keyin ularni ishga joylashtirib, daromad qilishi mumkin. Davlat buning uchun yaxshigina pul to‘lab beradi.

Shu sababli o‘quv markazlari orasida "IT sohasida bepul o‘qitamiz", degan e’lonlar ko‘payib qoldi.

Masalan, Samarqanddagi School21 markazi nafaqat bepul o‘qitaman, balki yotoqxona bilan ham ta’minlayman, deyapti.

Sal avvalroq "Najot ta’lim" hamda "Cambridge LC" o‘quv markazlari Toshkent shahri va Farg‘ona viloyati yoshlari uchun qiymati 3,5 mlrd so‘mlik "Kelajak yoshlari" ta’lim grantini e’lon qilgan edi. Grant g‘oliblari dasturlash, dizayn va ingliz tili bo‘yicha 1 yil bepul o‘qishi mumkin. Lekin bu grantga hujjat topshirish muddati kecha tugagan. Balki tashkilotchilar arizalar qabulini yana uzaytirar, ularning sahifasini kuzatib borishingiz kerak.

Shuningdek, Toshkentdagi MAAB Innovation IT Akademiyasi esa Business Intelligence mutaxassisligini 10 oy bepul o‘qish imkoniyatini taqdim etyapti.

Aytgancha, IT yo‘nalishidagi talabalar uchun onlayn bepul ta’lim imkoni ham bor. Bunda ariza to‘ldirgan holda jahonga mashhur “Coursera” platformasidagi 49 dollardan 400 dollargacha bo‘lgan kurslarda bepul o‘qish va hatto sertifikat olish imkoniga egasiz.

Xullas, o‘qiyman desa, ko‘ngilda xohish va bilim olishga intilish bo‘lsa, bemalol imkon topish mumkin. Yaxshi o‘qish esa, yaxshi ish joyi va zo‘r daromad degani. Ayniqsa, IT sohasida talab yetarlicha.

Foydalanmaysizlarmi?


@xushnudbek