Get Mystery Box with random crypto!

3/ davomi… Vatandoshlarimiz favqulodda vaziyatlarda bir-birla | Uzbekonomics

3/ davomi…

Vatandoshlarimiz favqulodda vaziyatlarda bir-birlariga yordam qo’lini darxol va ayamay cho’zishlarini yaqin-uzoq tariximizda juda ko’p marotaba guvohi bo’lganmiz, bu haqda hech qanday shubha qilmasak ham bo’ladi. Lekin bir narsani bilishimiz kerak, favqulodda vaziyatlarda oldimizda turgan tanlov bu juda ko’p ta'minotga ega qimmat tovar va taqchil bo’lgan arzon narxdagi tovar o’rtasida emas. Bu yerda tanlov hozir tovarning qimmatroq narxda biroz bo’lsada mavjud bo’lgan va vaqt mobaynida oshib borayotgan taklifi bilan arzon narxda ushlab turilgan lekin umuman taqchil bo’lgan, taklifi qolmagan tovar o’rtasida. Qaysi biri yaxshiroq: (1) do’konlardagi suv narxini sun’iy past ushlab turib, barcha iste’molchilarga kerak bo’lmasa ham sotib olishlariga, zaxiralarini to’ldirib qo’yishlariga rag’bat berishmi, yoki (2) narxlarni qisqa muddatda oshishiga yo’l qo’yib, do’kon rastalarida suvning taklifi mavjud bo’lishiga va solib olayotganlar uchun ehtiyotkorlik bilan foydalanishni rag’batlantirishmi? Axloqiy instinktlarimiz darxol nima deyishidan qat’iy nazar ikkinchi variant ko’proq insonparvar natijalarga olib keladigan bo’lib ko’rinadi. Eng achinarlisi, narxni sun’iy ushlab turilishi aksincha sizga axloqiy yomon deb bilinadigan narsani, ya’ni do’kondan suvni arzon sotib olib qora bozorda qimmatroq sotadigan spekulyantlarni ko’paytiradi. Yana shu misolni eslang.

Aytishingiz mumkin, “agar taqchillikda, favqulodda tadbirkor/sotuvchi odamlarga yordam va yaxshilik tariqasida suv narxini bozordagi narxdan arzonroq sotishi kerak, agar vijdoni bo’lsa”. Bu yaxshi niyat bilan qilinayotgan narsa nafaqat zararli, balki adolatsizlik ham bo'ladi! Qanday qilib? Aytaylik suv bozorda 1500 so’m paytida savdogar uni 1200 so’mga sotishga qaror qildi, odamlar arzonroq olsin deb. Natijada uning do’koniga iste’molchilar yoppasiga kelishni boshlaydilar, navbat paydo bo’ladi va navbatning eng oldida turgan iste’molchilar suv olish uchun omadliroq bo'ladilar; navbatning oxirida turganlar tabiiyki uyga quruq qo'l bilan boradilar. Lekin navbat oxirida turgan oldida turgandan ko'ra suvga kamroq muxtojmi? Xo’sh, navbatda turish suvni kim olishini hal qilishning adolatli vositasimi?

Bundan tashqari, aytaylik o’sha Shayxontoxur tumanidagi sotuvchi narxni bozor darajasiga ko'tarmaslik orqali, bozorga yuborilgan narxlar signalini o'chirib qo'yadi, ya’ni bu harakat bilan bu tumanda suvga talab katta ekanligini bozorning boshqa ishtirokchilariga yetib borishiga to’sqinlik qiladi. Ushbu signalning o'chirilishi iste’molchilarga juda zarur bo'lgan suv taklifini hozirda suv kamroq kerak bo’lgan joylardan (misoldagi Mirzo-Ulug’bek tumani) ko'proq kerakli bo'lgan hududiga jo'natish tezligini kamaytiradi. O’sha savdogar yaxshilik qilmoqchi bo’lsa, narxlarni bozor darajasida saqlab, tushgan foydani keyin muxtojlarga taqsimlashi maqsadga muvofiq bo’ladi.

Narxlarni falokat va favqulodda vaziyatlarda oshishi AQShning 30dan ortiq shtatlarida qonun darajasida taqiqlab qo’yilgan va jazo belgilangan. Masalan, Shimoliy Karolinada $5000 jarima bor. Qarang, Katrina to'foni Missisipi shtatida elektr ta'minoti bilan bog'liq muammolarni keltirib chiqarganida, bir tadbirkor Kentucky shtatidan yordam berish uchun oilasi bilan yuk mashinasini U-Hauldan ijaraga olib, 600 mil haydab 19ta generatorni Missisipiga olib kelgan. Ularni odatdagidan ikki baravar qimmatga sotaman, o’zim ham foyda qilaman, Missisipidagilarga yordam qilaman deb o’ylagan-da. Nima bo’lganini bilasizmi? Uni hibsga olishgan, yuqoridagi qonunlarni buzganligi uchun. Tadbirkor to'rt kun qamoqda o'tirdi va uning generatorlari musodara qilingan. Xo’sh, bu jazo kimgadir yordam berdimi? Aksincha, generatorlari Missisipidagi pul to’lab sotib olishga tayyor bo’lgan iste’molchilarga yetib bormadi va generatorlar politsiyada qoldi…