Get Mystery Box with random crypto!

4/ davomi… Ba'zi xulosalarni jamlaydigan bo’lsam: (1) Istalga | Uzbekonomics

4/ davomi…
Ba'zi xulosalarni jamlaydigan bo’lsam:

(1) Istalgan tovar, masalan suv, shamning narxini past darajada sun’iy ushlab turish bu tovarning xarajatlari past darajada ekanligini ta’minlay olmaydi. Umuman. Masalan, soatlab navbatda turish, tovar mavjud bo’lgan boshqa bozorga borib-kelishga ketgan vaqt, pul, tashvishlarning barchasi ham xarajatlardir. Ushbu xarajatlarning suv narxida ko'rsatilmaganligi (sun’iy ushlab turib) ularni ahamiyatsiz yoki haqiqiy emasligini bildirmaydi.

(2) Bozor narxining oshishi iste'molchilarni ixtiyoriy ravishda suvdan tejamkorlik bilan foydalanishga va yetkazib beruvchilar uchun ixtiyoriy ravishda suv ta’minotini oshirishga rag’batlantirsa-da, boshqa tarafdan, narxlarga nazorat qo’yib sun’iy past ushlab turish tufayli hosil bo'lgan navbatlar va do’kondagi bo'sh javonlar iste'molchilarni majburiy ravishda suvdan tejamkorlik bilan foydalanishga undaydi (yo’q bo’lganidan keyin majbursiz-da). Eng muhimi, mana shu sun’iy narx yetkazib beruvchilarni bozorga ko’proq suv olib kelishini majburlay olmaydi. Albatta, do’q-po’pisa qilib, buyruqbozlik iqtisodiyotida kimdur yetkazib beruvchilarni arzon narxda ta’minotni bajarishga “undashi” mumkin, lekin bu muammoni battar yomon tarafga olib ketadi.

(3) Narxlarni cheklash tarafdorlari har doim e'tiborlaridan chetda qoldiradigan haqiqat shundaki, qora bozor narxlari tartibga solinmagan bozor narxlaridan yuqoriroq bo’ladi. Buning sababi tartibga solinmagan bozor narxlari - shaffof shakllangan va qonuniy bo'lishi - qora bozor narxlaridan ko'ra tovarlarni ko'proq va tezroq yetkazib berish oqimini rag'batlantiradi.

(4) Narxlar talab va taklif haqida muhim ma'lumotlarni o'z ichiga oladi. Hech qanday iqtisodchi ham, divandagi analitik ham, kreslodagi byurokrat ham, undan kattasi ham kichigi ham, matematik olim ham, faylasuf ham hech qachon va hech qaysi tovar va xizmatlarning narxi necha pul bo’lishi kerakligi haqida barcha ma’lumotlarga ega bo’la olmaydilar. Osmondan olib qog’ozga yozib qo’yishlari mumkin, lekin u narx asl narx ekanligini bilmaydilar.

(5) Qandaydir taqchil tovar yoki xizmatlarni (masalan benzin, suv, ko’chadagi parkovka uchun yer maydoni, harakatlanish polosalari, sham, gaz vahokazo) tejab ishlatishni va avaylab iste’mol qilishni so’raydigan, iltimos qiladigan, yoki buyuradigan eng samarali vosita bu o’sha tovar yoki xizmatning narxi talab va taklif qoidalariga amal qilgan holda belgilanishini ta’minlash. Ayniqsa tabiiy yoki texnogen falokat paytida bu narsa juda kuchli ahamiyatga ega bo’ladi.

(6) Siyosiy jozibali va axloqiy to’g’ri deb instinkt bilan hisoblanishi mumkin bo'gan narsalar, shu jumladan narxlarga sun'iy chegirmalar iqtisodiy nuqtai nazaridan yaxshilikka olib kelmaydi. Yana o'sha gap: yaxshi va holis niyatlar bilan qilingan narsalar har doim yaxshi va kutilgan oqibatlarga olib kelmaydi, aksincha yovuzlik qilib qo'yishi mumkin.

Bu narsa haqida yozganlarimni o’qish o’rniga va/yoki qo’shimcha sifatida Dukedagi professorim Michael Mungerning mana bu ajoyib videosini ko’rishni tavsiya qilaman. Munger price-gouging laws haqida ko’p muloxazalar qiladi.

@uzbekonomics