Get Mystery Box with random crypto!

2/ davomi… Televizorga chiqib, gazetaga yozib: “Aziz fuqarolar | Uzbekonomics

2/ davomi…
Televizorga chiqib, gazetaga yozib: “Aziz fuqarolar, suvni tejang, gazni tejang, oqilona foydalaning, aks holda hammaga yetmaydi” deb iltimos qilish kerakmi, talab qilish kerakmi, buyruq berish kerakmi? Yo’q. Javob, narxlar o'z ishini qilishiga ruxsat berishdir.

Misol tariqasida yana o’sha qadoqlangan (butilkadagi) suvni olaylik. Aytaylik suvning narxi 50% ga, 1000 so’mdan 1500 ko’tarildi (ofat payti, taqchillik). Iste’molchilar ehtiyotkorlik bilan qaror qabul qilishlariga to’g’ri keladi. Bunday narxda siz suvni faqat yuqori qiymatli maqsadlar uchun kerak bo'lgan miqdorda olasiz tejashga harakat qilasiz. Masalan ichish uchun, ovqat qilish uchun ishlatasiz, lekin mashinangizni yuvish uchun, yoki basseyni to’ldirish uchun favqulodda vaziyatda qadoqlangan suvni 50% ustama bilan olmaysiz. Agar narx oshishiga sun’iy to’siq bo’lsa va tovarning narxi qiymatidan ko’ra ancha pastroq darajada davlat tomonidan ushlab turilsa iste’molchilar suvni arzon narxda yoppasiga sotib oladilar, magazin rastalari bo’shab qoladi, kerak bo’lmasa ham g’amlab qo’yadilar, mashinani yuvadilar vahokazo. Lekin natijada suv eng kerak bo’lgan iste’molchilarga hech narsa qolmaydi, vaxolanki ular suvni o’sha paytda 1500 emas xatto 3000 so’mga ham olishga tayyor bo’lar edilar. Kechagi kundan bir kuzatuv bunga misol bo'ladi.

Endi boshqa tomonni - sotuvchilarni olaylik. Narxlarning ko'tarilishiga yo'l qo'yishning eng muhim natijasi shundaki, yuqori narx signal yuboradi va sotuvchilar uchun tovar taklifini ko'paytirish uchun katta rag'bat beradi va imkoniyat yaratadi. Misol uchun kechagi faktni olaylik, Toshkentning Mirzo-Ulug’bek tumanida elektr energiyasi 100% tiklangan paytda ham ba’zi tumanlarda yoki butun viloyatlarda elektr energiyasi umuman tiklanmagan edi. Masalan Qashqadaryoda 0% va Shayxontoxur tumanida 10%. Tabiiyki qadoqlangan suvga talab o’sha paytda Mirzo-Ulug’bek tumanidan ko’ra Shayxontoxur tumanida va Qashqadaryo viloyatida ancha ko’proq bo’lgan va taklif esa kamroq bo’lgan. Shayxontoxur tumani yoki Qashqadaryo viloyatidagi taklif kamligi-talab ko’pligi natijasida yuzaga kelgan suvning baland narxini ko’rgan Mirzo-Ulug’bekdagi sotuvchilarda suvni mahalliy sharoitda arzonroq olib (u yerda suvga talab unchalik ko’p emas-da, 100% elektr tiklangandan so’ng), yuk mashinaga ortib, zarar ko'rgan hududlar, tumanlarga, viloyatlarga tashib suvni qimmatroq sotishga rag’bat paydo bo’ladi. Ana o’sha 1000 so’mdan 1500 so’mga oshgan narx signali sotuvchilarni foyda imkoniyati haqida ogohlantiradi va suvni kerakli joyga etkazish uchun resurslarni sarflashga rag'batlantiradi.

Bu jarayonning eng asosiy narsasi shundaki, shartli Mirzo Ulug’bek tumanidan Shayxontoxur tumanidagi bozorga foyda ko’rish uchun olib kelingan yangi qadoqlangan suvlarni sotishning yagona yo'li shartli Shayxontoxur tumanidagi do'kondagi narxdan arzonroq sotishdir. Yangi ta'minotni olib kelayotgan sotuvchilar (suppliers) bozorni nafaqat ko'proq tovar bilan ta'minlabgina qolmay, balki o’sha bozordagi narxni favquloddagi vaziyatdan oldingi holatga qaytarish uchun raqobat jarayonini boshlab beradilar. E'tibor bering, narxlar va bozorlarga o'z vazifalarini bajarishga ruxsat berish biz boshida aniqlagan muammoni - ba’zi tovarlarning taqchilligi va talabning oshib ketganini - hal qila boshlaydi. Qisqa muddatda narxlarning oshishiga yo'l qo'yish mavjud resurslardan oqilona foydalanishni ta'minlaydi va taklifni ko'paytirish va tanqis bo'lib qolgan tovarlar narxini pasaytirish jarayonini boshlaydi.

Yana vijdon va axloq haqida.

Favqulodda vaziyatda muhim tovarlar, masalan kechagi suv, va shamga yuqori narxlarni to'lash kerakligiga jamiyatda ma'naviy (moral?) e’tiroz bor. Ko'pchilik suvni yuqori narxlab sotayotgan sotuvchiga nafrat bilan qaraydilar, va ularni falokat paytida o'z fuqarolaridan foydalanayotgandek tasavvur qiladilar, teshib chiqsin deydilar. Bu tabiiy reaksiya va faqat o’zbekistonliklarga tegishli emas. Kenyada ham, Farer orollarida ham odamlar shunday reaksiya qiladilar.