Get Mystery Box with random crypto!

Ba'zilarga intuitiv tushunarsiz bo’lishi mumkin, axloqiy to’g' | Uzbekonomics

Ba'zilarga intuitiv tushunarsiz bo’lishi mumkin, axloqiy to’g'ri bo’lib tuyilmaydigan va yoqmasligi mumkin bo’lgan, lekin aytilishi kerak bo’lgan masala haqida juda uzun post/maqola.

1/
Mamlakat bo’ylab kecha sodir bo’lgan elektr energiyaning texnik uzulishi oqibatlarini bartaraf etishda qatnashgan barcha mas’ul soxa va idora vakillariga qilgan ishlari uchun minnatdorchilikni bildirdik. Davlatning aynan nega kerakligi shunaqa paytlarda bilinadi. Lekin, men kecha qilinmagan aynan bir harakatni alohida qayd etib unga ham minnatdorchilik bildirishimiz kerak deb o’ylayman.

Bu harakat - tabiiy yoki texnogen ofatlar paytida davlat tomonidan iste’mol tovar va xizmatlar narxlariga vaqtinchalik chegirma, nazorat o’rnatilmagani. Ya’ni, mana shunday favquloddagi vaziyatlarda ba’zi iste’mol tovarlarining narxi oshishiga qo’yib berish ham mavjud bo’lgan muammoga yordamning turi hisoblanadi. Ha, to’g’ri o’qidingiz, aynan favqulodda vaziyatlarda narx oshishiga qo’yib berish intuitiv yoki axloqiy to’g’ri bo’lib tuyilmasada eng maqbul harakat hisoblanadi, ayniqsa bozor iqtisodiyotiga qadam qo'yishni boshlaganimizda. Aslida, iqtisodchilar uchun aynan favquloddagi vaziyatlar paytida narxlar mexanizmini va bozorlarning ahamiyati haqidagi xabarlarni keng jamoatchilikka va qarshilik ko'rsatadigan siyosatchilarga yetkazishga yaxshi misol bo’ladi. Chunki tabiiy ofatlar va boshqa favqulodda vaziyatlarda real tanqislik muhim tovarlar narxini favqulodda vaziyatlardan oldingi darajadan sezilarli darajada oshiradi.

“To’xta, nimalar deyapsan, suv, sham, benzin narxni ofat paytida oshisha axloqdan emas, vijdondan emas, ochko’z tadbirkorlar vaziyatdan foydalanishi noto’g’ri-ku” deyishingiz yoki ular deyishlari mumkin.

Hech kimga yuqori narxlar yoqmaydi, menga ham, sizga ham, ularga ham. Buni inkor etish mumkin emas. Lekin inkor etish mumkin bo’lgan fikr bu narxlarning oshishi muammo ekanligida. Ya’ni, yuqori narxlarning o’zi muammo emas, balki ular mavjud bo’lgan muammoni aks ettiradigan, fosh qiladigan eng samarali mexanizm hisoblanadi. Iqtisodiyotni tushunishda kutilmagan oqibatlarning muhimligini tan olishni bilish kerak. Davlat tomonidan “muzlatib” qo’yilishi aksincha o'sha kutilmagan yomon oqibatlar olib keladi. Aynan favqulodda vaziyatlarda, tabiiy yoki texnogen ofatlar paytida iste’molchilar uchun muhim bo’lgan tovarlarning narxiga davlat tomonidan chegirma qo’yish mana shunday kutilmagan oqibatlarga olib keladi, masalan o’sha tovarlarga ko'proq tanqislik yuzaga keladi.

Xo'sh, nega biz narxlar o'z ishini qilishiga ruxsat berishimiz kerak, ayniqsa favqulodda vaziyatlarda? Menimcha, bu haqda o'ylashning eng oson yo'li shuki, aytaylik, istalgan tabiiy ofat natijasida iste’molchilar uchun eng muhim bo’lgan ba’zi tovarlarga talab juda oshib ketadi, masalan benzinga yoki ichimlik suvga, shamga. Shu bilan bir paytda o’sha tovarlarning bozordagi taklifi favqulodda vaziyatlarda qisqarishi muqarrar (masalan zapravkalar shikastlandi, suvni do’konga olib keladigan yo’llar yopildi, zavod to’xtab qoldi). Talabning o'sishi bilan birga taklifning pasayishi har bir mavjud qadoqlangan suv qiymatining oshishini anglatadi. Odamlar har bir qadoqlangan suv uchun ko'proq pul to'lashga tayyor bo’ladilar. Normal paytda narxi 1000 so’m bo’lgan suvning narxi ofat paytida 1500 so’mga ko’tarilishi o’sha suvning qadri favquloddagi vaziyatda avvalgidan oshganini bildiradi. Bir gap bilan aytganda, butilkadagi suv yoki sham ofatdan oldingi holatdan ko‘ra hozir qimmatroq qiymatga ega bo’ladi va bizda hal qilishimiz kerak bo'lgan muammo yuzaga keladi - oshib ketgan talabni qondirish, masalan suvga, shamga. Shu bilan birga, o’sha tovarlarning soni bozorda ancha taqchil bo'lib qolganini inobatga olib biz bu tovarlarni imkon qadar tezroq bozorga yetkazib berishni ta’minlashimiz kerak. Qanday bo'lmasin, qisqa muddatda ba'zi tovarlar soni juda kamayadi. Qanday qilib biz ulardan oqilona foydalanishimiz va ulardan ko'proq foydalanishimizga ishonch hosil qilishimiz mumkin?