Get Mystery Box with random crypto!

The New York Times da kecha chiqqan ushbu maqolani tavsiya eta | Uzbekonomics

The New York Times da kecha chiqqan ushbu maqolani tavsiya etaman (men yozadigan fikrlar yig’ilgan ekan):

Sarlavhasi: Qachondan beri daraxtlar faqat boylar uchun bo’lib qoldi?

Qisqasi, AQShda boyroq aholi kambag’alroq aholidan ko’ra ko’proq daraxtlardan bahramand bo’lar ekanlar. Boyroq (daromad) amerikaliklar o’zlari yashaydigan joylarini kamroq daromadli aholi yashaydigan joylar bilan taqqoslaganda deyarli 50 foiz ko'proq ko'kalamzorlardan bahramand bo'lishar ekan. Va bu butun mamlakat bo’yicha kuzatilar ekan. Maqolada buning sabablaridan biri deb zoning, redlining degan tarixdagi siyosat deb ko’rsatilgan. Masalan, yigirmanchi asr o’rtalarida infrastruktura va tibbiyotga bo’lgan sarmoyalar aholining qaysi turkumi qayerda yashashiga qarab qilingan va natijada shaharlar/tumanlar rivojlanmay qolib ketgan.

Bizda ham daraxtlar va ko’kalamzor joylardan bahramand bo’lishni aholining daromad farqiga bog’lash mumkin. Boyroq qatlamga mansub aholi uchun shaharda daraxtlarni kesilishi katta muammo bo’lib tuyilmaydi. Ular shahar tashqarisida, yoki atrofida o’ziga o’xshagan qo’shnilar bilan, daraxtzor mahallalarda yashaydilar. Bunday joylarda shaharning duch kelgan ko’chasiga o’xshab daraxtlar yakson etilmaydi. Agar shahardagi ixtiyoriy ko’chadagi daraxtning egasi yo’q degan ma’noda kesilsa, boyroq aholi yashaydigan mahallada da bunday amaliyot o’tmaydi. Chunki daraxtlarni kestirayotgan yoki kesishga ruxsat beradiganlar o’zlari yoki ularning do’stlari/qarindoshlari o’sha mahallada yashaydi-da, yoki yashamasa ham kestirishga “kuchi” yetmaydi. Bundan tashqari, boyroq daromadli qatlamga mansub aholi toza-havo degan jamoat tovaridan bahramand bo’lish uchun shahar tashqarisagi tabiatga, chet elga sayohatga ko’proq bora oladilar. Ularning farzandlari toza havo tovarining taqchilligidan kamroq ziyon ko'radilar.

Cho’llashgan, betonlashgan, daraxtsiz joylarda jinoyat ko’proq, bolalar darslarni o’zlashtirishi yomonroq, odamlar salomati ancha sustroq, iqtisodiyoti kambag’alroq bo’ladi (hammasi causal bo'lmasa ham). Bularni bilasiz.

Meni faqatgina daraxtlarni o’tin qilishga, yoki uning o’rnida betonli inshoat quraman deganlar yoki shunchaki daraxtlardan qandaydir qasti borlar emas balki daraxtlarga befarqligi bo’lganlar, uning nimaga kerakligini anglamaydiganlar, o’z ko’chasida, uyining yonida, hovlisida kesilayotgan daraxtlarni ko’ra turib indamay o’tib ketadiganlar ranjitadi. Masalan, ba’zi kafe/magazin egalari biznes inshoati oldi qismi, fasadi chiroyli ko’rinsin deb “oldimdagi daraxtlarni kesib keting” deb rasmiy murojaat qiladi. Yana boshqa turdagilar esa, “mashinamning ustiga tushib ketmasin” deb tirik daraxtni kestirishga buyurtma beradi (aslida u yerda mashina turishiga hech qanday asos yo’q). Albatta ikkala vaziyatda ham kelib bajonidil kesib ketiladi.

Bir dona bo’lsa ham ko’chada kesilayotgan daraxtni saqlab, biroz faol bo’lib jarayonga aralashib, indamasdan o’tib ketmaganlar fuqarolik jamiyati qurilishiga juda katta hissa qo'shgan bo'ladilar. Ular faqat daraxtni saqlab qolmayaptilar, balki shu orqali qonun ishlashini ta’minlayaptilar, talab qilyaptilar.

Xullas daraxtlarni kesish, shahar bog’larni yakson qilish bu faqat ekologik masala emas - u aholini battar tabaqalanishiga, tengsizlik (imkoniyatlar) oshishiga yetaklaydi. Kambag’allashtiradi. Tezroq o’ldiradi.

@uzbekonomics