Get Mystery Box with random crypto!

Bir qancha muddatdan so’ng baribir buzilishi muqarrar bo’lgan | Uzbekonomics

Bir qancha muddatdan so’ng baribir buzilishi muqarrar bo’lgan ko’priklar, kengaygan yo’llar haqida.

AQShning zamonaviy tarixida qilingan katta xatolardan biri bu 1940–60 yillarda mamlakatni shiddatli tezlikda avtomobillashtirish va magistral yo’llarni qurish kampaniyasi hisoblanadi. Federal hukumat o’sha paytlarda keng yo’llarni qurish uchun shtatlarning 90% xarajatini qoplab bergan. Albatta bu avto lobbichilarining bosimi sababli ham bo'lgan.

Hozir esa nima bo’layapti? AQShda magistral yo’llar, shahar ichidagi ko’priklarni olib tashlash kampaniyasi kengaymoqda. Senatning yangi qonun loyihasida shahar avtomagistrallarini olib tashlash va ushbu qurilgan loyihalarning yillar davomida aholining himoyasiz qatlamiga yetkazgan zararini tiklash uchun shaharlarga $10 milliardlik moddiy yordam beryapti. Yo’llar, ko’priklarni olib tashlash uchun. Ularning yerlarini asl egasi, aholiga qaytarib berishga harakat qilinyapti. Nega? Shu davr mobaynida ma’lum bo’ldi: ko'plab shaharlar ichida keng yo’llar, ko’priklar qurilishi salbiy oqibatlarga olib keldi. Bunday yo’llar butun shaharlarni qismlarga kesib tashadi, uylar va korxonalarning buzilishiga olib keldi; uy-joy, xizmatlar, ish joylari va aholining ochiq maydonlardan foydalanishning cheklantirdi. Tirbandlik kamaymadi, aksincha ko’paydi. Havo ifloslandi. Aynan shaharlarni ko’prik/keng yo’llar bilan to’ldirib tashlash oqibatida jamoat transporti zaiflashdi. Bu esa aholi mobilligini kamaytirdi, notenglikni keltirib chiqardi. Yangi keng tezyurar yo’llardan va shahar ichidagi ko’priklardan avvalambor shahar chetiga yashashga chiqib ketgan lekin ishlash uchun shaharga kelayotgan aholining boyroq qatlami foydalandi. Umuman olganda, har qanday infratuzilma qurilayotganda, uning harajatlarini undan foydalanadiganlar qoplashi kerak. Agar yo’llar, ko'priklarni shahar byudjeti hisobidan qurib bersangiz va uni avtomobilchilarga “tekinga" hadya qilsangiz bu avtomobili yo’q, undan foydalana olmaydigan, mobilligi yo’q soliq to’lovchi uchun adolatsizlik. Ular “bizga jamoat transporti kerak. Nima uchun sen shahar tashqarisidan shaharga qulay qatnashing uchun mening solig’im pul berishi kerak?” deyishadi.

Shahar avtomagistrallariga, keng yo’llarga boshqa alternativa mavjud emas deb o'ylash xato. Agar o’sha katta yo'l bo'lmasa odamlar ishga jamoat transportida boradi, yoki masofadan ishlaydi, yoki ular shahar chetidagi uyidan shaharga, ishga yaqin ko'chib keladi. Ya’ni yo’l/ko’prik qurmaslikning iloji yo’q degan gap asossiz. Trafik/avtomobil soni bu cheklangan hajm emas. Dunyoda birorta ham shahar yo’qki, avtomobillar uchun yetarli yo’l qilib bera olgan, qancha ko’p, qancha keng yo’l qilganingiz bilan ularning talabini qondira olmaysiz. Haydovchilarning ham belgilangan soni yo'q, ular uchun qancha yo’l qursangiz ham yetarli emas. Madrid shahar markazidagi yo’lni olib tashlab bog’ qildi, Parij va London markaziy ko’chalari avtomobillarga umuman yopilib faqat piyoda harakat uchun qolmoqda. Seul markazidagi trassani o’rnida huddi yangi shaharcha paydo bo’lgandek.
Rivojlangan mamlakatlardagi shaharlar o’z ko’chalarini birma-bir piyodalarga qaytarayotgani, tarixda o’zlari qilgan xatolarni, ya’ni avtomobillashtirish, shaharni betonlash siyosatlaridan qaytayotganlarini ko’rish quvonarli. Oqibati muqarrar bo’lgan xatolardan biz ham o’rgansak maqsadqa muvofiq bo’lar edi. Shaharlarimizni avtomobilsizlashtirish, jamoat transporti va maqbul transportlarini rivojlantiriish, ko’chalarni aholiga qaytarib berish kerak (masalan Toshkentdagi Skver aylanmasi deyarli hech qanday funktsiyani bajarmaydi, uni faqat piyodalar uchun qoldirish mumkin).

Xullas, avtomagistrallar va ko’priklar qurilishi oqibatida vayron qilingan mahallalarni va shaharlarni tiklashga, keltirib chiqargan ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy adolatsizliklarni yengish, shaharlarni aholiga qaytarib berilishiga, piyodalar yo’ldan o’tayotganda o’zlarini minalangan urush maydonida yurgandek his qilishni to’xtatishlariga, zaruriyati bo’lmagan yangi ko’priklar, kengaygan 6-8 polosalik yo’llar soni qisqarishiga umid yo’q emas.

@uzbekonomics