Get Mystery Box with random crypto!

Iltijo Na bir zohidman-u, na bir orifman, Men ham Haq yo'lida | TʜE EɴD

Iltijo

Na bir zohidman-u, na bir orifman,
Men ham Haq yo'lidan toygan gunohkor.
O'zimning holimdan o'zim voqifman,
Afv etgil, Allohim, xatolarim bor.

Hayqira bilaman o'z nafsim uchun,
Dastimga hech kimsa sololmas raxna.
Na iymonim butun, na ilmim butun,
haqimni bilaman, bilmayman Haqni.

Tavbaga borganda toyguvchi tilim,
Bandalik rutbam shu jonimga oro.
Sajdaga boshimni so'ng egib keldim,
Istig'for aytaman, Parvardigoro.

Uyingda itoat aylagan yo'sin,
Marhamat kutadi Sendan qullaring.
Bariga Qodir zot, Senga hamd bo'lsin,
Imtihon yo'liga bizni yo'llading.

Sinovda sobit qil, Mehribon Zotsan,
Toki iymonimiz bo'lsin mustahkam.
Boshlar-ku fanoda egik uyatdan,
Uyotlig' bo'lmaylik huzuringda ham!

Xurshid Abdurashid